Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat davomida turli vaziyatlarga duch kelishadi.
Fuqaro D. Sharifboeva Toshkent shahar IIBBning Facebook sahifasidagi «Aholi bilan muloqot» guruhiga yozib, unga yordam bergan YPX xodimiga o‘z minnatdorligini bildirdi. Shoshilinchda ayol osoyishtalik posbonining ismi-sharifini, qaysi bo‘limda faoliyat olib borishini so‘rashga ulgurmagan. So‘ngra IIBBga kelib, sodir bo‘lgan voqeani batafsil aytib berdi.
– Men bozorda edim. O‘sha yerdan qizimga qo‘ng‘iroq qildim, lekin u javob bermadi. Keyin kuyovimga qo‘ng‘iroq qildim – yuragim negadir bezovta bo‘la boshladi... Keyin nabiram kuyib qolganini ma'lum qilishdi. Men darhol ularning yoniga oshiqdim, – deydi u.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, uning 2 yoshu 8 oylik nevarasi kuyib qolgan va hushini yo‘qotgan. Bolani zudlik bilan shifoxonaga olib borish kerak edi.
– Mashinada ketdik. Shaharda tig‘iz vaqt. Yo‘llar tirband. Haydovchilar o‘tkazib yuboray, demasdi. – Birdan patrul' mashinasini ko‘rib qoldim, uning yoniga borib to‘xtadik. Nimalar deganimni hozir eslay olmayman... Xodim avtomobil' saloniga nazar tashlab, nabiramning ahvolini ko‘rdi va darhol mashinasining ortidan borishni aytdi. Uning yordami bilan bir necha daqiqa ichida kasalxonaga yetib borishga muvaffaq bo‘ldik.
Ichki ishlar organi xodimining tezkor qabul qilgan qarori tufayli og‘ir ahvoldagi nabiramning hayoti saqlab qolindi. Undan minnatdorman, mana shunday fidoyi xodimlar bor bo‘lsin. Bu xodimning o‘z vaqtida qilgan tezkor harakati hamkasblariga o‘rnak bo‘ladi, albatta, – deydi bolajonning buvisi.
IIBB YHXB YPX brigadasi 3-batal'on 3-safarbar guruhi inspektori, kichik serjant Farruh Choriqulovning aytishicha, u avval ham bu kabi holatlar haqida hamkasblaridan eshitgan va shu bois o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, to‘g‘ri qaror qabul qilgan.
– Shayxontohur tumani Nurafshon ko‘chasida xizmat olib borayotganimizda yonimga bir mashina kelib to‘xtadi. Nabirasi tibbiy yordamga muhtojligi sababli kuchli hayajonga tushgan ayol uni tezroq Chilonzorda joylashgan shifoxonaga yetkazish zarurligini aytib, yordam so‘radi. Ko‘chalar nihoyatda tirband edi, haydovchilar ularga zo‘rg‘a yo‘l berishardi... Lekin kechikishtirish mumkin emasdi, – deydi kichik serjant Farruh Choriqulov.
© POSTDA – На посту