Navbatchilik qismini ichki ishlar organlarining yuragiga, mengzashadi. Chindan ham, inson yuragi to‘xtovsiz urib turgani kabi, navbatchilik qismi xodimlari ham tun-u kun xizmatda. Bu yerda bir soniya bo‘lsa-da, ish to‘xtamaydi.
Tumandagi 14 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan 2-sonli IIB Navbatchilik qismida ayni kunlarda sutkalik murojaatlar soni 15–20 tani tashkil qilmoqda. Vaziyatga qarab, ba’zan bu ko‘rsatkich o‘zgarishi mumkin.
– Bizga asosan oilaviy janjallar, o‘zaro kelishmovchiliklar, qarz munosabatlari borasidagi masalalar, bezorilik holatlari bo‘yicha murojaatlar bo‘lmoqda, – deydi Navbatchilik qismi katta navbatchi-inspektori, kapitan Mehrojiddin Ismadiyorov.
Navbatchilik qismi xodimlari faoliyatini kuzatar ekanmiz, ular tezkorlik va aniqlikka katta ahamiyat berishiga amin bo‘ldik. Ularning xizmat vazifasini sidqidildan bajarishi e’tiborimizni tortdi. Shunga hamohang tarzda, navbatchilik qismida barcha zurur sharoitlar yaratilgan. Xodimlar zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishi mukammal darajada bo‘lishi hisobga olinib, texnik kamchiliklar bartaraf etilgan. Aloqa vositalari ham yetarli darajada. Bu, albatta, xizmat samaradorligida muhim omil bo‘lmoqda.