...koʻnglim tusar xoʻjalik”, degan maqol quyida hikoya qilmoqchi boʻlgan jinoyat ishining mohiyatini ochib bersa, ajabmas. Oʻzingizga maʼlum, temir mahsulotining bozori chaqqon. Ayniqsa, qurilishlarda juda kerakli, ayni muddao xom-ashyo-da. Muhiddinxoʻja nega avvalroq temir-tersak oldi-sotdisi bilan shugʻullanmaganligiga oʻzi ham hayron. Shundoq pullik ishni qilmay qancha fursatni boy berganiga oʻzini koyishdan boshqa chora topmadi. Agar bir necha yillar oldin bu ish bilan shugʻullanganida bormi, hozirgacha ostonasi tilladan boʻlgan boʻlardi. Dangʻillama uy, qoʻsh-qoʻsh mashina... Befoyda ketgan shuncha vaqtni yetkazib olish umidida yirik ishga – kattaroq hajmda temir oldi-sotdisiga qoʻl urishga ahd qildi. Yoʻq, tegishli internet saytlariga kirib eʼlon bermadi yoki simyogʻochlarga eʼlon yopishtirib chiqmadi, uyma-uy, mahallama-mahalla yurib, temir yigʻmadi. Toʻppa-toʻgʻri temir mahsulotlari oldi-sotdisi bilan shugʻullanuvchi falon nomdagi yirik masʼuliyati cheklangan jamiyatning omborxonasiga bordi. Chunki, tanish-bilishlari orqali mazkur jamiyatda ishlovchi Y.Furqatga chiqqandi. Aslida jamiyat rahbari R.Asomjon boʻlib, Furqat uning biznes hamkori va bir paytning oʻzida ombor mudiri ham edi. 2021-yilning 27-iyulida Muhiddinxoʻja Furqat bilan jamiyatning oʻzida uchrashdi va unga oʻzini metall oldi-sotdisi bilan shugʻullanishini, yangi qurilayotgan uylarni zarur metall mahsulotlari bilan taʼminlashini aytib, ishonchini qozondi. Oʻziga umuman aloqasi boʻlmagan yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarning suratlarini koʻrsatdi. Furqat jamiyat rahbari bilan gaplashib koʻrishini aytib, uchrashuvni ertaga qoldirdi. Ertasi Furqatning qoʻngʻirogʻidan ish hal boʻlganini bilgan Muhiddinxoʻja shu zahotiyoq oyogʻini qoʻliga olib, yuk mashinasi yollagancha jamiyat sari yurib emas “uchib” ketdi. Jamiyatga tegishli boʻlgan narxi 25.267 AQSH dollariga baholangan 26.880 kilogramm temir mahsulotlarini sotib, bir oy ichida pulini keltirib berishni vaʼda qilib, yukni ortdi-yu boshqa qorasini koʻrsatmadi. – Mahsulotni qoʻlga kiritgan Muhiddinxoʻja unga xaridor qidirib, ancha ovora boʻladi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, leytenant Shahzod Turdimatov. – Chunki, metall sotish orqali boyishni niyat qilgan Muhiddinxoʻja turli bahonalar – temir narxi koʻtarilgani, ishlab chiqarish qisqargani, chet eldan qimmat kelayotgani, qoʻying-chi turli vaj-karsonlarni roʻkach qilib narxini koʻtargandan koʻtarardi. Ishonganlar majbur sotib olishar, ishonmaganlar qoʻl siltab ketishardi. Shu sabab mahsulotning bir qisminigina sotishga ulguradi. Bu orada pulni qaytarish muddati ham keldi. Avvalida Muhiddinxoʻja qoʻngʻiroqlarga javob berib, vaqtni choʻzib kelgan boʻlsa, keyinchalik qoʻngʻiroqlarga javob bermay qoʻydi. Oradan bir necha oylar oʻtgachgina Furqat chuv tushganini anglab, ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1990-yilda tugʻilgan, muqaddam ham firibgarlik jinoyati uchun sudlangan A.Muhiddinxoʻjaning jinoiy qilmishini koʻrib chiqib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning pushaymonligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, yetkazilgan zararni toʻliq qoplaganligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 5-qismi talabidan kelib chiqib, unga mazkur kodeksning 57-moddasini qoʻllagan holda 2 yil-u 6 oyga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.