20 Iyul 2024 Yil 1113

O‘zingga ehtiyot bo‘l...

      ... qo‘shningni o‘g‘ri tutma, degan maqolni eshitgansiz, albatta. Shunday bo‘lgach, o‘z ehtiyotingizni qilishingiz shart emasmi? O‘g‘ri bitta bo‘ladi, lekin gumonda ...


       – Agarda fuqarolarimiz oddiy himoyalanish, ehtiyot choralariga amal qilishganda edi, ko‘plab qonunbuzarliklarning, ko‘ngilsizliklarning oldi olingan bo‘lar edi, – deydi  Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Og‘abek Qilichov.  – Hushyorlikni yo‘qotish oqibatida fuqarolar qimmatbaho mol-mulklaridan ayrilibgina qolmay, asablari, salomatligiga putur yetkazib, ko‘p vaqtlarini ketkazishadi.


         Mahmudxo‘ja bir necha bor sudning qora kursisida o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan. Hayotining ko‘p yillarini panjara ortida o‘tkazgan. Afsuski, bu yillar uning o‘z hayoti haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish, umrini savobli, foydali ishlarga sarf qilish haqida o‘ylashiga yetmagan ko‘rinadi. Qilgan ishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan, qilmishidan pushaymon bo‘lmagan shekilli, yana jinoyatga qo‘l urdi.


        2023 yilning 6 iyunida u tumandagi Al-Xorazmiy ko‘chasida sang‘ib yurib, Jo‘rayevga tegishli bo‘lgan “Labo” avtomashinasiga yaqinlashdi. Mashina eshigi ochiq qoldirilgan ekan,  salonda haydovchiga tegishli, narxi 1.800.000 so‘m bo‘lgan “Samsung” uyali telefonini va 500.000 so‘mni qo‘lga kiritib, yashirindi. Shu kunning o‘zida  kechga borib, So‘galli ota ko‘chasida Turg‘unboyevga tegishli bo‘lgan “Labo” avtomashinasining eshigi ochiqligidan foydalanib, salondagi “Iphone X” uyali telefonini o‘mardi. Yetmaganiga haydovchining haydovchilik guvohnomasini ham g‘arazli maqsadda olib, yirtib, ko‘chaga tashlab ketdi.


       Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan Mahmudxo‘jaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat  kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘rilik”) bilan  besh yil, 227-moddasi (“Hujjatlarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish ”) bilan bir yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan Mahmudxo‘jaga uzil-kesil besh yilu uch oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech