11 Oktyabr 2024 Yil 1343

Giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatgan shaxslar (“zakladchiklar”) ushlandi

2024 yilning 20 sentyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi doirasida tunu kun xizmat tashkil etilgan. Tadbirga jalb qilingan IIO, DXX va MG xodimlarining sa'y-harakatlari bilan giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan (“zakladka”) tarqatuvchi shaxslar ushlanmoqda. 

Oktyabr oyining 10 kuni davomida ana shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi 32 nafar shaxs ushlangan. Ularning yonidan va yashirgan joylaridan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.  

Barcha holatlar yuzasidan Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz! O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasiga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Barcha yangiliklar

Text to speech