22 Aprel 2024 Yil 421

Yoshlar kamoli – bosh omil

          O‘zgalarga mehr-muruvvat ko‘rsatish,  beg‘araz yordam berish azaliy qadriyatlarimizdandir. Turmushdagi turli vaziyatlar, hayot sinovlari har kimni har xil darajada sinab ko‘radi. Kimdir yengiladi,kimdir yiqiladi, yana birov nafaqat  o‘z yo‘lini, balki o‘zini yo‘qotadi. Ana shunday paytlarda kichik bir yordam, qo‘llab-quvvatlash umidsiz qalblarga  najot nuri bo‘lib kiradi. Insonga qaddini g‘oz ko‘tarishga yana kurashishga, yashashga undaydi.

          Poytaxtimiz aholisining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamini o‘rganish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida poytaxt IIBB rahbariyati,masʼullari tuman mahallalariga biriktirilib, bu borada  eʼtirofga loyiq ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Uchtepa tumaniga biriktirilgan  poytaxt IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik B.Anvarov tomonidan  o‘tkazilgan yana bir xayrli tadbir fikrimizning dalilidir. O‘rganishlar natijasida mazkur tumanning Yangiyo‘l mahallasidagi 43-uy, 159-xonadonda yashovchi fuqaro Jo‘rayeva Fotima Ravshan qizining ijtimoiy yordamga muhtojligi aniqlanib, “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Bundan tashqari oliygohda  taʼlimni davom ettirishi uchun to‘lov shartnomasining yarmi, yaʼni 7.500.000 so‘m to‘lab berildi. Shuningdek, oilaning yashash sharoitini yaxshilash, o‘z o‘zini band qilishi maqsadida,  “Turonbank” xodimlari bilan birgalikda  tikuv mashinasi sovg‘a etildi.

          Saxovat va muruvvat  ko‘magidan mazkur mahallada joylashgan 40-uyda istiqomat qiluvchi Qosimovlar oilasi ham  chetda qolmadi. Qosimovlarning ikki nafar farzandi - Otabek va Bilolxonlar B.Anvarovning  bevosita ko‘magida haydovchilik kasbini egallashi uchun tumanda joylashgan Respublika Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotiga joylashtirildi. Bundan yana bir ko‘zlangan ezgu maqsad ushbu tashkilot orqali yoshlarni muddatli harbiy xizmatga tayyorlash va jo‘natishdan iboratligi ibratlidir.

            Yoshlarimizni moddiy qo‘llab-quvvatlash bilan birga ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish,  tariximizga, ajdodlarimizga hurmat, yurtimizga muhabbat ruhida tarbiyalash ham ustuvor vazifalarimizdan biridir. Shu maqsadda tumandagi mazkur mahallada yashovchi 50 nafar yoshlar poytaxt IIBB “Shon-sharaf” muzeyiga olib borildi. Katta qiziqish va ishtiyoq bilan muzeyni tomosha qilgan yoshlarni ichki ishlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish uchun ular JTSB Post-patrul brigadasi tarkibida tashkil etilgan otliq otryadiga ham olib borildi. Bu yerda ular xizmat otlari hamda Kinologiya xizmatida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashda xodimlar bilan bir safda xizmat olib borayotgan jonivorlar bilan tanishishdi. Xodimlarning har bir so‘zlarini diqqat va katta qiziqish bilan eshitganidan aytish mumkinki, mazkur tadbirlar yoshlar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech