30 May 2024 Yil 578

Yoshi o‘tganda aynimasin ekan, kishi

Boir (ism-sharifi o‘zgartirilgan) ota-onasi davlatiyu savlati ekanligini kech angladi. Ularning vafotidan so‘ng garchi oilasi, ikki farzandi bo‘lishiga qaramay, o‘zini yolg‘iz sezardi. Tirikligida ota-onasining qadriga yetmagani, mehr ko‘rsata olmagani, xizmatida bo‘lolmagani qalbini o‘rtardi. Farzandlarini uyli-joyli qilib, yelkasidan tog‘ ag‘darilgani, otalik vazifasini bajarib qo‘ygani bilan, farzandlik burchini bajara olmagani armon edi. Ota-onaning o‘rnini kim ham bosa olardi...


Sog‘inch hissi o‘rtaganda, tez-tez qabristonga borib, ularni yo‘qlab, g‘oyibona “gaplashib, uzr so‘rab” kelardi. Shunday kunlarning birida dardini aytib yengil tortgan Boir ketishga hozirlandi. Katta ko‘chaga chiqishda yo‘l chetida o‘sib yotgan  nashaga o‘xshash o‘simlikni ko‘rib, xayoliga  tatib ko‘rish fikri keldi. Uyiga kelgach, quyoshga qo‘yib quritib oldi va internetda ko‘rsatilganidek isteʼmol qilish uchun tayyorladi. Shu-shu bu uning mashg‘ulotiga aylandi. Xotini Boirning yotoqxonasidan g‘alati hidni sezib so‘raganda,  hasharotlarni quvish uchun vosita tayyorlaganini aytdi. Endi u qabristonga yanayam serqatnov bo‘lib qoldi. Vaqt o‘tib nashadan tayyorlagan “hasharotlarni quvuvchi vositasi” uni qoniqtirmay qo‘ydi. Yanada kuchli va mast qiluvchi vosita izlab internetga kirdi. Tarmoq orqali gashish moddasi sotuvchisini topdi. Plastik kartasi orqali  ikki yuz ming so‘mga yaqin pul o‘tkazib, sotuvchi jo‘natgan geolokatsiya bo‘yicha manzilni topib,  buyurtmani oldi. Maʼlum muddatdan so‘ng gashishga o‘rgangan Boir yanayam o‘tkirrog‘ini tatib ko‘rishni istadi. Holbuki, endi uni tanasidagi og‘riq va uyqusizlik, tushkunlik va lanjlik bezovta qilar, behalovat va jizzaki bo‘lib qolgandi. gashish bu dardlarni yengishga qodir emasdi. Tarmoqdagi “hojatbarorlar” unga narxi “sal qimmatrog‘u ammo zo‘r kayf beruvchi” geroin tatib ko‘rishni maslahat berishdi.  Shunday qilib u giyohvandlikning “cho‘qqisi”ga chiqib oldi. Endi unga geroingina yordam berar, bu orada xotinining, farzandlarining ham tinchi yo‘qolgan, uydan qimmati bo‘lgan buyumlar g‘oyib bo‘lar, Boir bilan janjalsiz va to‘g‘rilikcha gaplashishning imkoni yo‘q edi. Yoshi ellikdan oshib, sochlariga oq oralagan, nevarali, quda-andali, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilari orasida hurmat va eʼtiborga sazovor odamning  bunday tuban ketishi uni bilganlarning xayoliga ham kelmagandi-da.. Bu qanday sharmandalik, isnod... Ular qanday qilib Boirni giyohvandlik changalidan qutqarish haqida qayg‘urishardi.


Oiladan baraka va tinchlik yo‘qolib, munosabatlar inqirozga yuz tutgan kunlarning birida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Xotini eshikni ochdi-yu, yuragi orqaga tortib ketdi. Ostonada ichki ishlar xodimlari turardi. Xodimlar xolislar ishtirokida uyda tintuv-tergov harakatlarini olib  borishdi. Natijada baklajka ichida qora-qo‘ng‘ir rangli nasha, shpris ichida isteʼmolga tayyor, muzlatkich ustida qog‘ozga o‘ralgan geroin, yo‘lakdagi poyafzal tumbasi ichidan gashish moddalari, shkaf tortmasiga avaylab yashirib qo‘yilgan bir necha o‘qotar qurol o‘qlari xolislar ko‘z o‘ngida  topib olindi. Aniqlangan katta miqdordagi narkotik moddalar va o‘qlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Tergovda Boir ushbu moddalar qanday qilib uyida paydo bo‘lganligi va kimdan sotib olganligini eslay olmasligini maʼlum qildi.


Sudda mazkur moddalarni o‘z ehtiyoji uchun saqlab kelganligini, sotish niyati bo‘lmaganligini, o‘qlarni esa akasi esdalik sifatida sovg‘a qilganligini bayon qildi. Sud-narkologik ekspertizasi o‘tkazilganda, uning giyohvand moddalariga qaramligi tasdiqlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan Boirga 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanib, jazoni o‘tash manzilida majburiy davolanishi haqida hukm chiqarildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech