12 Dekabr 2024 Yil 458

Yo‘q amalning amaldori

Yurtimizda tadbirkorlik uchun keng yo‘l ochilgan. Tadbirkorlar uchun ko‘pdan-ko‘p qonunlar, imtiyozlar, qulayliklar, shart-sharoitlar yaratilmoqda. Faqat yurtingga, xalqingga foyda keltirsang, farovonlik, to‘kinlikni taʼminlasang, yurtdoshlaringning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilsang bo‘lgani. Sendan so‘raladigan narsa – halol ishla, qonunni buzma, berilgan ishonchni suisteʼmol qilma! Biroq tadbirkorlik qilaman deb, o‘zgalarni aldab, birovning topgani hisobiga boyishni ko‘zlamoqlik – jinoyat. Aslida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish yetti uxlab tushiga kirmagan To‘xtaboy kimlarnidir laqillatib, puliga ega chiqish niyatida tanish-bilishlarini ishga solib, go‘yoki tadbirkorlikka bel bog‘lagani, biznes-rejasi tegishli mahkamalar tomonidan tasdiqlanganini aytib, ozgina moddiy yordam beradigan kishi topilsa, taʼsischi maqomida keladigan foydaning 50 foizini baham ko‘rishi haqida gap-so‘z tarqatdi. Tanishi Shohruh uning gapiga ishonib, tanishi Shaxobiddin bilan uchrashtirib qo‘ydi. To‘xtaboy Yashnobod tumanida joylashgan marmartosh ishlab chiqaruvchi zavodni falon pulga sotib olayotgani, hozir marmarga buyurtma ko‘pligi, bankda barcha hujjatlar tayyorligi, biroq bank xodimlariga ozgina “xamir uchidan patir”bersa, ishni boshlashi aniq ekanligi, o‘zining bor pulini hujjatlarni rasmiylashtirish uchun sarflagani haqida ishonarli so‘zlab berdi. Bu so‘zlarga ishongan Shaxobiddin faqat jildinigina ko‘rsatgan go‘yoki “biznes-rejasi”ni “qani bir tanishay-chi”, deya varaqlab ham ko‘rmadi. Agarda varaqlab ko‘rganida bormi, ishga tushajak zavodning 50 foizli taʼsischisi bo‘lishni xayol qilgan Shaxobiddin qalin jild ichida “zavod direktorining” qizi va o‘g‘lining qoralama daftarlaridan bo‘lak narsa yo‘qligini ko‘rib, qallobning yoqasidan olishi tayin edi.

Shaxobiddin avvaliga bankdagi ishini to‘g‘irlash uchun unga 2.800.000 so‘mni sanab beradi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Bahromjon Egamberdiyev. – Bu yog‘i tanish ssenariy bo‘yicha davom etadi. Mayda-chuyda sarf-harajatlar ortidan katta xarajatlar bahonasida To‘xtaboy 2021 yilning oktyabr oyidan 2022 yilning fevral oyiga qadar “biznes hamkorining” 35.000 AQSH dollari miqdoridagi pulini “shilib” oladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1977 yilda tug‘ilgan T.To‘xtaboyning jinoiy qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, pushaymonligi, ilgari sudlanmaganligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, oilaviy sharoiti inobatga olinib, mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llab, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech