8 Avgust 2024 Yil 859

Xizmat va sportda peshqadam

Faxriddin Sharipov bolaligidan sportga oshno oilada voyaga yetdi. Otasi Husniddin aka, amakilari har qanday sharoitda jismoniy mashg‘ulotlarni tark etmasdi. Sport musobaqalarida qatnashib sovrindor o‘rinlarni qo‘lga kiritishardi. Bu qiziqish va ishtiyoq Faxriddinni ham o‘z domiga tortdi. Bora-bora sport hayot tarzining ajralmas qismiga aylandi. G‘oliblik nashʼasini tuyishdek zavqli hissiyot esa uni yangi va yangi zafarlar sari undayverdi.

Faxriddin Toshkent davlat yuridik institutini muvaffaqiyatli tugatib, ichki ishlar idoralaridagi ilk faoliyatini 2018 yili Toshkent shahar IIBB YHXBda katta inspektor lavozimida, leytenant unvonida  boshladi. Biroq uni tergov sohasi ko‘proq qiziqtirar, yarqirab turgan mashʼaldek o‘ziga tortardi. Ko‘p o‘tmay orzusiga erishdi. Poytaxt Yunusobod tumani IIO FMB Jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi katta tergovchisi, katta leytenant unvonida ish boshladi. Ustozlari – bo‘linma boshlig‘i, mayor Maʼruf Sanaqulov, katta tergovchi, mayor Baxtiyor Giyasovlardan sohaning sir-asrorlarini qunt va katta qiziqish bilan o‘rganib bordi. Ilk mustaqil ishi – poytaxt bozorlaridan birida joylashgan zargarlik buyumlari do‘konidagi  yirik o‘g‘irlik jinoyatini fosh qilish bo‘ldi. Ikki navqiron 21-22 yoshli yigitlar do‘kondan 500 million so‘mlikdan ortiq zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirinishgandi.

— Meni ajablantirgan narsa – 21-22 yoshli navqiron  yigitlar yopig‘liq qozon yopiqligicha qolishiga, jinoyatlari fosh bo‘lmasligiga ishonishgani. Ammo tezkor qidiruv va surishtiruv natijasiga ko‘ra, ularning shaxsi aniqlanib, daliliy ashyolar bilan ushlangach, tergov jarayoni boshlanib, qanday jazo tayinlanishi mumkinligini anglagach, qilgan ishlaridan pushaymonliklarini bildirishib, uzr so‘rashdan nariga o‘tishmadi. Kuch-quvvatga to‘lgan, ishlab charchamaydigan yoshda bo‘lgan yigitlarning hayotga yengil-yelpi qarashi, masʼuliyatsizligi, javobgarlik hissining yo‘qligi kishini hayron qoldiradi, albatta.

Faxriddin xizmat faoliyati bilan bir qatorda sport mashg‘ulotlarini bir dam bo‘lsa-da kanda qilgani yo‘q. Ichki ishlar idoralaridagi xizmat mashaqqatlari sportda chiniqib toblangan, qatʼiy tartib-intizomga o‘rgangan Faxriddin uchun qiyin kechmadi. 17  yoshida  sambo  bo‘yicha respublika miqyosida o‘tkazilgan, 18 yoshida Osiyo chempionatidagi musobaqalarda 1-o‘rinlarni egallagan  Faxriddin hamisha olg‘a intildi. Sportning sambo va dzyudo  turlari bo‘yicha respublika va MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda faol qatnashib, shohsupalarning yuqori pog‘onalarini egallab keldi va mazkur sport turlari bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga musharraf bo‘ldi. 2023 yilning may oyida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida Politsiya va Armiya o‘rtasida o‘tkazilgan  xalqaro turnirda dzyudo turi bo‘yicha 1- faxrli o‘rinni qo‘lga kiritgani ichki ishlar idoralari xodimlari, oilasi, yaqinlari uchun unutilmas kun bo‘ldi. Chunki,  yigirmadan ortiq davlatlardan qatnashgan uch yuzdan ortiq malakali va tajribali, saralangan  sportchilar bilan bellashishning o‘zi bo‘lmaydi-da. O‘sha yili Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida Dzyudo sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon  chempionatida faxrli uchinchi o‘rin sohibiga aylandi. Yaqinda, aniqrog‘i, joriy yilning iyun oyida Chexiya davlatining Teplitse shahrida o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha Yevropa ochiq kubogida ham faxrli 1- o‘rinni egallab yorug‘ yuz bilan yurtimizga qaytdi.  

— Vatan, ona-yurt tuyg‘usi, zamin hidi yurtingdan uzoqlashganda yaqqol bilinadi, — deydi Faxriddin. — G‘alabani qo‘lga kiritsang-ku yuzing yorug‘ligidan, shu vatanga  naf keltirganingdan g‘ururlanib, faxr bilan yurt tuprog‘iga qadam bosasan, lekin  mag‘lub bo‘lganingda, go‘yoki noloyiq ish qilgandek, vatan tuprog‘iga qadam qo‘yyotganingda, ota-onang, senga dalda bo‘layotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan rahbariyat va hamkasblaring yuziga qarashda o‘zingni aybdordek his qilasan.

Ayni paytda qahramonimiz kapitan Faxriddin Sharipov tergov jarayonlarini malakali olib borish, qonunchilikdagi meʼyoriy hujjatlarni o‘rganish, ularni amaliyotda qo‘llash borasidagi bilimlarini chuqurlashtirish bilan birga, sport bo‘yicha mahoratini ham muntazam ravishda oshirib bormoqda. Har ikkisida unga  omad va g‘alaba yor bo‘lishiga shubha yo‘q. Zotan, intilganga tole yor, deyishadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech