Ichki ishlar idoralari safida xizmat zalvorini nozik yelkalariga olib, sidqidildan ishlab kelayotgan ayol-qizlarimiz talaygina. Ularni xizmatning barcha sohalarda uchratishingiz mumkin. Xizmatning og‘ir-yengili bo‘lmaganidek, ayol-qizlarimizga ham bu borada chegirmalar yo‘q. Yosh bo‘lishiga qaramay, ana shunday xizmatlardan biri – tergov sohasini tanlagan Shahrizoda Narimanova 2022 yilda IIV Akademiyasini tugatib, Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limida tergovchi lavozimida ish boshladi. Asli Xorazmlik, oddiy mehnatkash oilasida tarbiya topgan qahramonimiz o‘quv dargohida olgan bilimlarini amaliyotda mohirona qo‘llashiga ustozi – bo‘lim katta tergovchisi, podpolkovnik Sharofiddin Asomovning xizmatlari beqiyos bo‘ldi. Bu haqda Shahrizodaning o‘zi shunday deydi:
– Ustozimdan tergov sir-asrorlarini o‘rgandim. Har bir jinoyat turiga qarab, nafaqat tergov savollarini hatto o‘zimni ham ruhan tayyorlashim zarurligini angladim. Ular qattiqqo‘l va talabchan bo‘lib, xatolarimni ko‘rsatib o‘tardi. Ochig‘i, tanbeh eshitgan vaqtlarimda tushkunlikka tushgan holatlarim ham bo‘ldi. Ustozimning yana bir taʼkidlashga munosib jihati – tanbeh berish bilan birga, yutug‘ingizni maqtab kayfiyatingizni ko‘tarishni ham biladi.
Shahrizoda birinchi mustaqil ishini ayollar firibgarligi jinoyatini tergovidan boshladi. Ikki ayol tanishlarining farzandini oliy taʼlim dargohiga o‘qishga kiritib qo‘yishga vaʼda berib, katta miqdorda pulini olib, o‘zlashtirib yuborishadi. Vaʼdabozlarni na yashash manzilida, na uyali telefoni orqali topa olmagan jabrdiyda ichki ishlar idoralariga murojaat qiladi. Shahrizoda mazkur ishni tez fursatlarda ochib, jinoyat ishini muvaffaqiyatli ravishda sudga chiqarishga erishdi. Firibgarlar qilmishiga yarasha qonun oldida javob berishdi.
Ayni paytda leytenant Sh.Narimanova o‘g‘irlik, firibgarlik, tan jarohati yetkazish, tovlamachilik kabi qator jinoyat turlarini bilimdonlik bilan fosh etib kelmoqda. Shahrizoda tomonidan olib borilgan tergov harakatlari, qonunbuzarlar qilmishlarini qonunan to‘g‘ri tasniflashi bois, u yuritgan jinoiy ishlarga huquq-tartibot idoralari tomonidan eʼtirozlar bo‘lmagan.
Yoshlik g‘ayrat-shijoati ufurib turgan, kelajakka dadil qadam qo‘ygan, Vatanga xizmat qilishdek yuksak maqsadlarni ko‘zlagan Shahrizodaning nigohiga boqib, u kabi o‘g‘il-qizlarimiz saflari kengayaversin, deging keladi.