20 Avgust 2024 Yil 750

G‘ururimsan, Vatanim

         Mohirjon Ibragimov Mustaqilligimiz tengdoshi.  2018 yildan buyon poytaxt IIBB Axborot texnologiyalari aloqa va axborotni himoya qilish boshqarmasida kichik mutaxassis lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi raqamli texnologiyalar va axborot kommunikatsiyalarining hayotimizdagi o‘rnini eʼtiborga olsak, uning kasbi zamontalab va masʼuliyatli ekanligini aytmasak ham bo‘ladi. Unga kasb sir-asrorlarini ilk xizmat ko‘nikmalarini podpolkovnik Bahodir Shakulov o‘rgatgan. Hamkasblari ham ish jarayonida zaruriy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, uning sohaviy ko‘nikmalarini tezroq egallashga va mustaqil ravishda  faoliyat yuritishiga talay hissa qo‘shishgan. Qahramonimiz bugungi kunda  poytaxt ichki ishlari faoliyatida uyg‘unlikni taʼminlash, aloqa va  tegishli kommunikatsion tizimlarining kechayu kunduz uzluksiz, ravon va aniq ishlashini nazorat qilishda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib kelmoqda. Bu kasb hamisha izlanish va o‘rganishni taqozo etadi. Holbuki, aloqa vositalarining keng imkoniyatlari kundan kunga yana-da kengayib va yuqorilab bormoqda. Buni o‘z tajribasida kuzatayotgan safdor Mohirjon Ibragimov vaqtni boy bermay Toshkent oliygohlaridan birida o‘qish bilan ishni birgalikda olib bormoqda. Bu malakasini oshirib, tajribasini boyitishga xizmat qilmoqda.


          – Mustaqillik ajdodlarimizning azaliy orzusi edi. Bu yo‘lda yurtimizning ne-ne zabardast, munosib farzandlari qurbon bo‘lishdi. Ularning xotirasiga ehtirom ko‘rsatgan holda mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrash burchimizdir. Poytaxtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga xizmatim orqali baholi qudrat hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman, – deydi safdor Mohirjon Ibragimov g‘urur va iftixor bilan.

Barcha yangiliklar

Text to speech