13 Iyul 2024 Yil 1562

Tartibga chaqirmoqchi edi, ammo...

Quyida hikoyamizda bayon qilingan voqea 2023 yilning yozida poytaxt bozorlarining birida sodir bo‘lgan. Mazkur bozor aholi orasida meva-cheva, sabzavot mahsulotlarining arzonligi, “birinchi qo‘ldan” sotib olish imkonini berishi bilan tanilgan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazuvchilar va dehqonlar o‘z mahsulotlarini shu bozorda sotishni afzal ko‘rishadi. Chunki, ular nafaqat poytaxt aholisi balki supermarketlar va boshqa savdo nuqtalari tomonidan ham xarid  qilinadi. Shunday dehqonlardan biri Ahmad (ismlar o‘zgartirilgan) o‘z avtomashinasida bozor hududiga kirib, tarozi o‘rnatgach, o‘z mahsulotlarini mashina yukxonasidan tushira boshladi. Unga yaqinlashgan bozor xodimi bir martalik yig‘im haqi – 40.000 so‘m to‘lashini eslatdi. Ahmad sal keyinroq berishini, hozir puli yo‘qligini aytdi. Bir muncha vaqt o‘tib, pattachi yana Ahmadning oldiga keldi va pul talab qila boshladi. Ahmad qattiq ovozda hali hech narsa sotmagani, keyinroq berishini aytib, so‘kindi. “Avval to‘la, keyin bilganingni qil”, dedi u ham bo‘sh kelmay. Pattachi vaziyat janjalga aylanishi mumkinligini sezib, nari ketayotganida, holatga uchinchi kishi aralashdi. 32 yoshli Muslim Ahmadni kattalarni hurmat qilishga chaqirdi-yu janjalni avj olishiga turtki berdi. Tanbehdan jahli chiqqan Ahmad unga ham o‘shqira boshladi. Har ikkisining jizzakiligi mushtlashuvga olib keldi. Ahmadning qo‘lida pichoq paydo bo‘ldi. Muslim uni olib qo‘ymoqchi bo‘lganida, pichoq tig‘iga qo‘liga tegib, kesib yubordi va qon oqa boshladi. Qonni ko‘rgan Muslim Ahmadni urib yerga yiqitdi. Ahmadning qo‘lidan pichoq chiqib ketganidan foydalangan Muslim pichoqni olib uning ko‘kragiga urdi. Yaqin-atrofdagi fuqarolarning aralashuvi tufayli pichoqbozlikka barham berilib, ikkisi ham yaqin oradagi shifoxonaga  yetkazildi. 

Mazkur holat bo‘yicha Bektemir tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Shahzod Baxtiyorov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan (“Qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish”) jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va ish tugatilgach, qonuniy chora ko‘rish uchun sudga yuborildi.

2023 yilning oktyabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi 32 yoshli Muslimni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topib, besh yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech