23 Iyul 2024 Yil 884

To‘yona qani, to‘yona?!

To‘yning ertasi Humoyun arang ko‘zini ochdi. To‘yga tayyorgarlik, keldi-ketdi, mehmonlarga tavoze qilishdan ancha charchagan ekanmi, bazo‘r o‘rnidan turdi.  Yuvinib o‘ziga kelgach, xotinini chaqirdi.

– Kostyumimni olib kel! To‘yonalarni sanaylik-chi, qancha tushibdi.

Yorqinoy ham shuni kutib turgandek, darrov kostyumini olib keldi, biroq g‘alati holda uni eriga uzatdi. Chunki kostyum juda yengil va cho‘ntaklar bo‘shligi shundoqqina bilinib turardi. Humoyun cho‘ntaklarni birin-ketin titkilarkan, rangi oqara boshladi.

– Pullar qani? – hayratda so‘radi u xotiniga shubhali qarab.

– Bilmadim... Kiyimingizni qayerga qo‘ygan bo‘lsangiz, o‘sha yerdan olib kelyapman.

Humoyun o‘yga toldi. Voqealarni eslay boshladi. Xayollari chalkashib ketdi. To‘yona kamida 1000 AQSH dollari bo‘lishi kerak, ka-mi-da... telefon-chi?!               

U fursatni boy bermay ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qildi. 

– Humoyun Davronbekni bir necha marotaba qamalib chiqqanini bilsa-da, hurmat yuzasidan quvonchli kunini birga baham ko‘rish fikrida to‘yga chaqirgandi. Ammo u o‘z hurmat-izzatini bilmadi. Humoyunning 300 AQSH dollarilik “Pedmi 8” uyali telefoni hamda kostyum cho‘ntagidan to‘yona sifatida yaqinlari tomonidan berilgan 1000 AQSH dollarini o‘g‘irladi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Ibrohimjon Nazirov. – Yaxshilikka yomonlik, degani shu bo‘lsa kerak-da.

Voqea esa bunday bo‘lgandi... 1982 yilda tug‘ilgan, to‘rt nafar farzandning otasi Davronbek  2023 yilning 28 iyunida tanishining to‘yiga borib, yeb-ichib, ko‘ngilxushlik qilib o‘tirdi. Kechki soat to‘qqizlarda to‘y qizigandan qizidi. Kuy-qo‘shiqlar raqslarga ulanib, birov bilan birovning ishi bo‘lmay qoldi. Atrofga alang-jalang boqayotgan Davronbekning ko‘zi stulga osib qo‘yilgan kostyumga tushdi. Aksariyat raqsga tushayotganidan foydalanib, u stulga yaqinlashdi va o‘tirib, go‘yoki o‘zining kiyimidek cho‘ntaklarini tita boshladi. Uyali telefon va pullarni olib, Humoyunga iltifot bildirib, xayrlashayotgan mehmonlar qatoriga qo‘shildi, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha, viqor bilan asta chiqib ketdi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi besh marotaba sudlangan, xavfli retsidivist deb topilgan Davronbekning qilmishiga qonuniy baho berib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasiga (“O‘g‘rilik”) asosan aybli deb topdi va besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech