14 Iyul 2024 Yil 1148

To‘g‘ri qolib, egriga  murojaat oqibati

Retsidivist deb topilganiga qaramay, Qurbonboy  eski hunarini tashlamadi.  Ilgari  bir necha marta  firibgarlik jinoyati uchun sudlangan “qahramonimiz”ni eski “hunarining xumori” tutdimi, yana jinoyatga qo‘l urdi. Qamoqdan chiqib, Yakkasaroy tumanida joylashgan  savdo majmualaridan birining avtoturargohida  avtomashinalarning kirish-chiqishini tartibga solishdek oson va javobgarligi yo‘q ishga kirdi. Haydovchilar  bu xizmati uchun  uni quruq qo‘yishmaydi, ko‘ngildan chiqarib. ataganini tashlab ketishadi. Qurbonboyning qo‘li pul ko‘rdi, ammo u  puli juda ko‘p bo‘lishini xohlardi.

Farzandlarini majmuaga kiritib, to‘xtash joyida  kutib turgan Sunnatilla  Qurbonboy bilan suhbatlashib qoldi.  Gap orasida  piyoda yurish  joniga tekkanini ozgina pul to‘plagani, ammo u  mashina sotib olish uchun kamlik qilayotganini aytdi.

– Qanchalarni ko‘zlayapsiz, – asta qarmoq tashladi Qurbonboy.

– Arang  to‘rt ming dollar yig‘dim. Tezda olmasam, ro‘zg‘orga kirib ketishidan xavotirdaman. Har kun xotinim bilan urishib, tishimning kovagida asrab  kelyapman,– hasrat qildi Sunatilla.

– Agar ishonsangiz tanishim SPARK sotayotgandi. Istasangiz  to‘rt mingga ko‘ndirib beraman.

Sunnatilla ertasigayoq aytilgan  to‘rt ming AQSH dollarini olib kelib Qurbonboyga tutqazdi.  Shu-shu uni  kunduzi chiroq yoqib qidirsa-da topa olmadi.   Ishonuvchanligi pand bergan Sunnatilla  Yakkasaroy tumani IIO FMBga murojaat qildi. Tergovda  Qurbonboy olgan pullarni allaqachon o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganligi maʼlum bo‘ldi.

– Hozirgi kunda avtomashina olish imkoniyatlari keng. Agar yetarli mablag‘ yetmasa, banklar  orqali kredit rasmiylashtirib xarid qilish eng ishonchlisidir. Biroq  fuqarolar yaratilgan qulayliklarga qaramay, hamon firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishmoqda, – deydi Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan A.Bafoyev. – Avtosalonlarda to‘lovlar haqida batafsil maʼlumotlarga ega bo‘lish mumkin. Sunnatilla  qonuniy yo‘l tutganida, allaqachon avtomashina egasi bo‘lishi mumkin edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi  ushbu jinoyat ishini ko‘rib chiqib, Qurbonboyni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Jinoyatchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi sababli, Qurbonboyga bazaviy hisoblash miqdorining 330 baravari miqdorida jarima jazosi va ish haqining 10 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda,  bir yilu  besh oyga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech