“Men ustachilik qilib har xil qurilish ishlarida yollanma ishchi bo‘lib ishlab, pul topaman. 2023 yilning 15 oktyabrida “O‘zbekiston” bog‘iga ish qidirib bordim. Ozgina ishladim ham. Kun kech bo‘la boshlaganda piyoda yo‘lga chiqdim. Yo‘limda katta bir tosh uchradi. Uni bir tepgan edim tagida qora izolentaga o‘ralgan narsaga ko‘zim tushdi. Bunday narsalar menga tanish bo‘lgani uchun uni olib uyga olib keldim. Bu geroin giyohvand moddasi edi”.
Bu 1973 yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz, bo‘ydoq, ilgari bir necha marta giyohvand moddalari oldi-sotdisi, saqlash hamda o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan Muhammadning tushuntirish xatidan nusxa. Muhammad ilk marta 2004 yilda giyohvand moddani isteʼmol uchun saqlaganligi bo‘yicha sudlanib 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Ammo ozodlikka chiqib ham tavba qilmadi. So‘ng 2007, 2010, 2020-yillari ham giyohvand moddalari isteʼmoli va oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani bois uzoq muddat panjara ortida o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan. Giyohvand moddalarning turlari unga juda yaxshi tanish. Shu bois go‘yoki topib olgan narsasining geroin moddasi ekanligiga shubha qilmagan va bila turib uyiga olib kelgan. Uni isteʼmol qilish uchun 13 bo‘lakka bo‘lib isteʼmolga va sotishga tayyorlab qo‘yadi. Ertasi kuni bo‘laklardan birini olib, shaharning “Eski jo‘va” bozoriga tushadi va tanishi Nodirni uchratib qoladi. Ikkisi milliy tamomlar oshxonasiga yo‘l olishganda, ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan to‘xtatilib, shaxsini tekshirganda o‘zini shubhali tutadi. Tekshiruv paytida Muhammadning kostyum cho‘ntagidan kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop dori vositasi hamda 0,34 gramm geroin moddasi topiladi.
– Hammaga maʼlumki, geroin moddasi shunchaki, tosh tagida yotmaydi. U giyohvand moddalari ichida kuchlisi va qimmati hisoblanadi, – deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Madad Jo‘rayev. – Uning go‘yoki ish qidirib aynan o‘sha joyga borgani ham bejiz emas, albatta. Jinoyatchilar tergovni chalg‘itish, jazodan qutulib qolish uchun qanday yolg‘onlarni ishlatmaydi, deysiz. Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi, degan ibora bekorga aytilmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida Muhammadni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan aybli, deb topdi va unga 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.