18 Avgust 2024 Yil 799

Tinim bilmas xizmat

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida aholiga onlayn elektron xizmatlar, murakkab vaziyatlarda shoshilinch va manzilli yordam ko‘rsatish, jamoat xavfsizligining kuch va vositalarini masofaviy boshqarishni avtomatlashtirish hamda fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishda “102” xizmati o‘z faoliyatini uzluksiz takomillashtirib bormoqda.

Bizga azaldan tanish Navbatchilik qismi hozirda Yagona tezkor boshqaruv markazi huquqiy maqomida ish faoliyatini olib borib, poytaxt hududida yashovchi hamda xorijiy va mahalliy sayyohlarga “102” xizmati tunu-kun xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Shu boisdan, “102” raqami jiringlamagan kun yo‘q.

— Qo‘ng‘iroqlar nafaqat qonunbuzarlik, qoidabuzarlik, jamoat xavfsizligi, turli tartibbuzarliklar haqida, balki maishiy, ijtimoiy masalalarni ham o‘z ichiga oladi, – deydi  markaz “102” xizmati mutaxassisi, kapitan Nurillo Hamidov, – Vazifamiz murojaatlarni mazmun-mohiyatiga ko‘ra, tegishli soha xizmatlariga yetkazish, zaruriy kuch-vositalarni yo‘naltirish, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni nazoratga olish, ijrosini taʼminlashga qaratilgandir.

Markaz xodimlarini o‘ziga xos psixologlar, desak yanglishmaymiz. Vaholanki, turli toifa insonlar kunning, tunning istalgan vaqtlarida istalgan mavzularda murojaat qilishadi. O‘z muammolariga yechim, savollariga javob istashadi, hatto uyqusizlik, yolg‘izlik muammosiga ham. Bu hayot. Buni to‘g‘ri tushunish va to‘g‘ri yo‘riq berish lozim. Shu bois ularning dunyoqarashi, bilimlari ham nisbatan kengroq bo‘lishi zarur. Insonlar bilan muloqot bu ham bir sanʼatdir aslida.

Kapitan Nurullo Hamidov ichki ishlar idoralaridagi xizmatini 2016 yilda safdor lavozimida boshlagan edi. Bugunga kelib Markazning mutaxassisi, kapitan lavozimida. O‘z ishining ustasi. Albatta, ustozlari “102” xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Rustam Narbayev, navbatchilik qismi boshlig‘i Anvar Rustamovlardan bu sohaning o‘ziga xos jihatlarini o‘rgandi.

Kelayotgan xabarlarni hisobga olish, saralash, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish, tezkorligini taʼminlash, ijro nazoratini amalga oshirish katta eʼtibor va javobgarlik talab qiladigan jihatlar. Telefon go‘shagini ko‘tardingmi, demak uning ortida yurtimiz tinchligi, jamiyatimiz xavfsizligi, inson hayoti, sog‘lig‘i, muammosi va tashvishi turishini hisobga olmoq lozim. Har bir murojaatga tezkorlik bilan munosabat bildirish – muammo yechimining ilk qadamidir. Bejiz navbatchilik qismini ichki ishlar organlarining “yuragi” demaydi. Zotan, uning qanday urishi jamiyatning tinchlik va osoyishtaligi, aholining xotirjamligi, hayot bardavomligini ifodalaydi.


Barcha yangiliklar

Text to speech