Firibgarlik jinoyati bilan muqaddam 2021 yilda sudlanib, 13.380.000 so‘m jarimaga tortilgan Izzat unga berilgan yengillikdan tegishli xulosa chiqarish o‘rniga qayta-qayta, ya'ni yana uch bora jinoyatga qo‘l urdi. Firibgarlikning hadisini olgan “qahramon”imiz har safar sud a'zolaridan ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarini ro‘kach qilarkan, yengillik berishni so‘rab, qilmishiga pushaymonligi, bundan bu yog‘iga halol va faqat halol yashashi, to‘g‘ri yo‘lga kirishi haqida qanday va'dalar bermadi, deysiz. Ammo har safar va'dalari unutilib, “kasbini” qo‘msayverdi. 2022 yilning iyulida uyali aloqa vositalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishni niyat qilib, mas'uliyati cheklangan jamiyat ochdi. Poytaxtning yirik aloqa vositalari bilan ulgurji savdo qiluvchi do‘konlaridan tovar olib, ustiga narx qo‘yib sotish bilan mashg‘ul bo‘ldi. 12 sentyabr' kuni tovar olgani do‘konga kelgan Izzatga ulgurji sotadigan sotuvchi endi nasiyaga bermasligini faqat naqdiga sotishini aytdi. Tovarlarni sotilganidan keyin pulini berish sharti bilan olib yurgan Izzatning yonida buncha pul yo‘q edi. U tanishi Jabborga qo‘ng‘iroq qilib qarz so‘radi. Sodda, oqqo‘ngil Jabbor puli boru ammo “Lacetti” avtomashinasi sotib olmoqchiligini aytdi. Keyinchalik u “tilimga bog‘lang, tilimga” degan Afandining so‘zlarini qanchalik hayotiy va to‘g‘ri aytilganini qayta-qayta eslashiga, o‘zi bilan o‘zi urishishiga to‘g‘ri keldi. Bilmaganlar uchun bildirib qo‘yaylik: Afandining uyiga kelgan mehmon hadeganda ketishni xayoliga keltirmaydi. Mehmonning izzati uch kun, degandek, oxiri mezbon uni siylamay, xushlamay muomala qila boshlaydi. Buni sezgan mehmon ketishga chog‘lanib, otiga minayotganida, Afandi mulozamat o‘rnida “yana bir-ikki kun mehmon bo‘lsangiz bo‘lardi”, deganida mehmon “otimni qaerga bog‘layin?” deydi, o‘sal bo‘lgan Afandi “tilimga bog‘lang, tilimga”, degan ekan. Jabborning avtomashina sotib olmoqchiligidan xabar topgan Izzatning miyasi yashin tezligida ishlab ketdi. U Jabborga pul berib qo‘llavorsa, o‘z yonidan pul qo‘shib, zavoddan o‘z narxida olib berishga ishontirdi. Uning 11.000 AQSh dollarini olarkan, besh kun ichida mashina bilan birga qaytarishga lafz qildi.
— Izzat olayotgan uyali telefonlarni sotib, pulini avtomashinaga qo‘shishiga, salondan yangisini olib berishga Jabborni ishontiradi, – deydi Sergeli tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan D.Nusratillaev. – Afsuski, Jabborning ishonuvchanligi pand berib, besh kun emas, bir necha oylab uning va'dalariga ishonib keladi. Hojatbarori chuv tushirganini kech anglagan jabrdiyda ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi ochiq sud majlisida 1990 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan N.Izzatni qilmishlarini o‘rganib chiqdi. Sud jazo tayinlash masalasini muhokama qilib, uning aybiga to‘liq iqrorligi va pushaymonligini yengillashtiruvchi holatlar deb baholadi. Jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning to‘liq qoplanganligi, jabrlanuvchining unga nisbatan da'vosi yo‘qligi va yengillik berish haqidagi fikrlarini inobatga olib, unga nisbatan sanksiya doirasida jarima jazosini tayinladi. Izzatni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlarida (“Firibgarlik”) nazarda tutilgan jinoyatda aybli deb topdi va unga shu modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, ya'ni 90.000.000 so‘m jarima jazosi tayinladi.