Shaxsiy tarkib o‘rtasida qonunchilikni mustahkamlash, xizmat intizomiga rioya qilish, xodimlar maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish masalalari hamisha poytaxt IIBB rahbariyatining diqqat-eʼtiborida. Ichki ishlar vazirligining farmoyishiga asosan, joriy yilning 1 iyunidan 30 iyuniga qadar ichki ishlar organlarida “Qonuniylikni taʼminlash va temir intizom oyligi” o‘tkazilishi belgilangan.
Kuni kecha Toshkent shahar IIBBda mazkur oylik davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Aliaxmed Choriyev, IIV SHXBB Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i, bosh boshqarma sohaviy xizmatlari va hududiy bo‘linmalarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha masʼul rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida oylikning samarali o‘tkazilishini taʼminlash maqsadida, shu davrgacha yo‘l qo‘yilgan, aniqlangan kamchiliklar, bu boradagi muammolar muhokama qilinib, kelgusida ularni bartaraf etish borasida fikrlar bildirildi. Shuningdek, ish ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ijrochilik intizomini kuchaytirish, mehnat intizomini mustahkamlash, xodimlarning ish jarayonini tegishli tartibda nazorat qilish, xizmatga shaylik darajasini oshirishga eʼtibor qaratish, ularning ruhiy va jismoniy holatini to‘g‘ri baholash bo‘yicha zaruriy ko‘rsatma va qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish so‘ngida bosh boshqarma sohaviy xizmatlari va hududiy bo‘linmalarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha masʼullari bilan IIVning 2022 yil oktyabrdagi “Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida”gi buyrug‘ida belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.