14 Iyul 2024 Yil 1022

Tanishining tanishiga ishonib

Baʼzilarga hayron qolasan. O‘ylamay-netmay qonunni buzishadi, keyin  qonunga zid xatti-harakatini noqonuniy yo‘llar bilan “qonuniylashtirmoqchi” bo‘lishadi. Aslida bir ishga qo‘l urishdan avval uning qanchalik to‘g‘ri, qonuniy ekanligini bilish kerak emasmi?! Shavkat ham e yo‘q, be yo‘q 22 tonna yog‘ mahsulotlarini Respublikamizga olib kirishni maqsad qildi. Biroq Toshkent tumani hududidagi bojxona postida tegishli hujjatlari bo‘lmagan mahsulot to‘xtatildi. U zir yugurib mahsulotini qonuniylashtirish harakatiga tushdi. Shunday do‘ppisi tor kelgan, moli bilan qo‘shilib, puli ham kuyib ketay deb turgan tig‘iz paytda yaqin tanishi Murodxo‘jani uchratib qoldi. Bu 2022 yilning oktyabr oyi edi.

– Shoshilib qayoqqa ketyapsan? – so‘radi Murodxo‘ja Shavkatdan.

 – O‘n besh kun bo‘ldiki, molimni chegaradan o‘tkaza olmayapman, – nolidi Shavkat.

Gap-gapga ulanib, Murodxo‘ja bitmaydigan ish yo‘qligini, agar harajatdan qochmasa, buning imkoni borligini aytdi. Bojxonada tanishi ishlashini, istasa yordam berishini taʼkidladi. Bir hafta ichida muammosi hal bo‘lishidan xursand bo‘lgan Shavkat o‘sha kuniyoq kechga borib 2.400 AQSH dollarini “najotkoriga” tutqazdi.

Ikki kun o‘tib 37.700.000 so‘m, jami 6.000 AQSH dollarini Murodxo‘jaga berib mahsulotlarini olish kunini kuta boshladi. Lekin Murodxo‘ja suvga tushgan toshdek daraksiz ketdi. Shavkat tanishidan bunday munosabatni kutmagani bois, hadeganda ichki ishlarga murojaat qilishga shoshilmadi. Ammo uning ilgari ham kimlarnidir aldab, pullarga chuv tushirgani haqida xabar topgach, tuman ichki ishlariga murojaat qildi. 

– O‘ttiz yoshdan oshgan, oliy maʼlumotli, oilali, ilgari bir necha marotaba sudlangan Murodxo‘janing o‘z tanishini chuv tushirishi mo‘may pul topish dardida hech kimni, hatto yaqin  tanishini ham ayamasligi, uning zalolat botqog‘iga botganidan darak beradi, – deydi Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant E.Ziyabekov. – Odamning olasi ichida deganlaridek, Shavkat ham tanishining sirtiga qarab baho berib, aldashi mumkinligi haqida o‘ylamagan ham. Aslida sodda odamlar boshqalarni ham shunday deb o‘ylashadi.  

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi tomonidan Murodxo‘ja O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topildi. U tomonidan yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.


Barcha yangiliklar

Text to speech