22 Noyabr 2024 Yil 396

Tanganing ikki tomoni

        XXI asrni bejizga axborot asri deyishmaydi. Avval faqat televizor, radio, ommaviy axborot vositalari orqali dunyo voqealaridan kechikib boʻlsa-da xabardor boʻlgan boʻlsak, bugun internet tarmogʻi orqali dunyoning istalgan nuqtasi bilan bogʻlanib, voqealarning real jarayonini kuzatish muammo emas. Biroq bu ayrim nopok, ter toʻkmay pul topishni niyat qilganlar qoʻlida oʻziga xos qurol boʻlib xizmat qilayotganini ham taʼkidlash joiz. Quyida Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan Ortiqboy Jumanov tomonidan tergov harakatlari puxta va bilimdonlarcha olib borilib, sud hukmiga havola etilgan jinoyat ishi fikrimizning yaqqol dalilidir.


        Suhrob internet tarmogʻidan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishni anchadan buyon rejalashtirib yurardi. Maqsadi – internet foydalanuvchilarini soxta eʼlonlarga qiziqtirib, masofadan turib pul ishlash edi. Rejasini ipidan ignasigacha puxta oʻylab, axiri ishga kirishishga ahd qildi. 2022-yilning noyabr oyida internetning telegram ijtimoiy tarmogʻida soxta profil ochdi va ushbu profil orqali tarmoqdagi turli guruhlarga ”PUBG” nomli oʻyin qahramonlari yaratilgan profil-akkauntlari hamda sotuv saytiga “ Samsung S20” mobil qurilmasini sotish haqida soxta eʼlon joylashtirdi. Xaridorlarning arzon narxga uchishini bilib aslida mavjud boʻlmagan tovarlarning narxini pastlab koʻrsatdi. Tez orada A.Rustam eʼlon boʻyicha murojaat qildi. U mobil qurilmaning narxi 2.700.000 soʻm – nima uchun arzonligi bilan qiziqqanida Suhrob unga oʻzini onlayn doʻkon egasi ekanligi, olib-sotar emasligi, birinchi qoʻldan olayotganini bildirdi. Boshlangʻich toʻlov – 600.000 soʻmni plastik kartaga oʻtkazib berishi bilan taksi orqali aytilgan manzilga yetkazilishini yozib uni ishontirdi. Tabiiyki, Rustam uning bu makriga ilindi va aytilgan pullarni oʻtkazib berdi. 19-noyabr kuni A.Ziyodulla xuddi shunday usul bilan “PUBG” nomli oʻyin qahramonlari yaratilgan profilni 1.060.000 soʻmga plastik kartasiga oʻtkazish yoʻli bilan “sotib oladi”.


        – Bu oʻyin juda keng tarqalgan boʻlib, unda dunyoning istalgan mamlakatidan turib, boshqa mamlakatdagi shaxslar – bir vaqtning oʻzida bir nechasi – bilan birga onlayn tarzda oʻynashi mumkin, – deydi kapitan O.Jumanov. – Oʻyinda hamma oʻzining kuchaytirilgan oʻyinchi qahramonlarini profil orqali aloqaga chiqib savdolashib, sotib pul ishlashi mumkin.


         Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudi I.Suhrobning qilmishini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, “b”, “g” bandlari (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning muqaddam sudlanmaganligi, aybiga toʻliq iqrorligi, pushaymonligi, yetkazilgan zararni toʻliq qoplaganligini inobatga olib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, yaʼni 1.500.000 soʻm jarima jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech