4 Oktyabr 2024 Yil 87

Sog‘lom avlod – sog‘lom kelajak

         Vatan tinchligi oiladan, ko‘chadan, mahalladan boshlanadi. Mahalla tinch, obod bo‘lsa, yurt tinch, obod bo‘ladi. Bugungi kunda mahallalarning tinchligi, xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan profilaktika inspektorlarining hudud faollari bilan olib borayotgan  ishlari o‘z samarasini bermoqda. Buni poytaxt Mirobod tumani “Navro‘z” mahallasi kesimida ham ko‘rish mumkin.


        Mahalla profilaktika inspektori, katta leytenant Fazliddin Jalilovning mazkur mahallada ish boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, u o‘z atrofida mahalla  faollarini jipslashtirishga, hamkorlikda huquqbuzarlik va boshqa ijtimoiy, maishiy masalalarni birgalikda yechimini topishga erishdi. Holbuki, u bu go‘shada ish boshlashdan avval tumanning “Temiryo‘lchilar” mahallasida 2021 yildan faoliyat yuritib kelgan edi. Mazkur mahallada turli millat vakillari  ahil va hamjihatlikda istiqomat qilib kelishmoqda. Fazliddinning  mahalla ahli bilan doimiy ravishda profilaktik tushuntirish,  hushyorlik va ogohlikka  chaqirish borasida o‘tkazib kelayotgan tadbirlari, uchrashuv  va o‘zaro ishonchga asoslangan suhbatlari natijasida aholining jamoatchilik tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari o‘z “mevasini” bermoqda. Joriy yilda mahalla faollarining ziyrakligi va  hushyorligi sababli  6 ta huquqbuzarliklarning oldi olindi. Aprel oyida esa  bir giyohvandlik jinoyati fosh etilib, qonunbuzar sud oldida javob berdi. Giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish maqsadida, shahri azim hududida giyohvand va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash oyligi eʼlon qilinganda, Fazliddin o‘z faollari bilan hududlarni aylanib, aholini oylik boshlangani, uning mazmun-mohiyati, jamiyatimizni bu yovuz illatdan poklash yo‘lida har kim o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi haqida tushuntirishlar  berdi. Harakat besamar ketmadi. 24 sentyabr kuni Gaydar Aliyev ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar ikki begona shaxslarning bejo harakatlariga guvoh bo‘lishdi. Bu haqda zumda profilaktika inspektori  xabardor etildi. Fazliddin  fuqarolik kiyimida mahalla faoli Guljan Arevalo bilan ularni kuzatuvga olishdi. Shu kuni giyohvandlik moddasini belgilangan manzillarga eltib, xufiyona joylashtirib ketayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Mahallada yashovchi yana bir fuqaroning  hushyorligi tufayli 28 sentyabrda xuddi shunday  giyohvandlik moddasini xufiyona joylashtiruv holatiga chek qo‘yildi.   


        – Mahalla ahlining hushyorligi va ogohligi tufayli  giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi holatlarining oldi olinmoqda, – deydi katta leytenant Fazliddin Jalilov. – Ko‘pdan quyon qochib qutulmas, deganlaridek, bir bo‘lib jamiyatimizdagi illatlarga qarshi kurashsak, albatta unga barham beriladi. Bunda mahalla faollari, unda istiqomat qiluvchilarning o‘rni katta. Har kim o‘z ko‘chasiga kirgan begona yoki shubhali shaxsga eʼtibor bermasa, bu haqda  o‘z hudud inspektorini ogohlantirmasa, birgina profilaktika inspektorining kechayu kunduz hudud aylangani natija bermasligi ham mumkin.   


        Jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarni oldini olish ishlarida hech kim loqayd bo‘lmasligi, bu faqat ichki ishlar organlarining vazifasi, deya chetda turmasligi kerak. Kuch –birlikda. Bugun qo‘shning uyiga kirgan illat, ertaga sening ham uyingga mo‘ralashi mumkin. Shu bois oylik doirasida olib borilayotgan ishlar izchil ravishda muntazam davom etadi. Shu yurtning farzandiman degan, uning sog‘lom avlodi, farovon kelajagiga befarq bo‘lmagan fuqarolarning bu xayrli ishga o‘z hissalarini qo‘shishiga shubha yo‘q.

Barcha yangiliklar

Text to speech