9 Sentyabr 2024 Yil 492

Sarson talabalar

Shahzod bilan Suhrob bitta oliygohda o‘qishadi. Niyatlari oliygohda yaxshi bilim olib o‘z kasblarining ustasi bo‘lish desangiz, xato o‘ylagan bo‘lasiz. Ular yotoqxonada birga turisha boshlashdi-yu hamfikr chiqib qolishdi. Nima ko‘p “kovid” degan balo ortidan kelib chiqayotgan muammolar ko‘p. Ayniqsa, vujudga kelgan sharoitlar mamlakatimizdan tashqari oliygohlarda o‘qiyotgan talabalarning yurtimizdagi teng maqomli o‘quv yurtlariga o‘tkazish harakatiga tushib qolishgani. Ikki talaba bu vaziyatdan foydalanib qolishni –O‘zbekiston  oliygohlariga o‘qishlarini ko‘chirish istagida bo‘lganlarga “yordam” berishni maqsad qilishdi. Har ikkisi gapni bir joyga qo‘yib, masʼuliyati cheklangan jamiyat tuzib, ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta eʼlon berishdi. Darhaqiqat, ular nishonni to‘g‘ri olishgan ekan. Ko‘p o‘tmay ilk mijozlar paydo bo‘la boshladi. 2021 yilning dekabr oyi o‘rtalarida Shahnoza o‘qishini Rossiya Federatsiyasidagi universitetdan Toshkentdagi universitetga o‘tkazish masalasida murojaat qiladi. Qizning soddaligi va undan foydalanish mumkinligini sezgan “hojatbarorlar” jamiyatning imkoniyatlari kengligi: nafaqat o‘qishni o‘tkazish balki oliygohlarga kiritib qo‘yishga ham qodirligini qistirib o‘tishadi. Qo‘shni respublikalar oliygohlariga arzonga kiritib, uzog‘i bilan bir-ikki yil ichida mamlakatimizdagi muqobil oliygohlarga o‘tkazish nisbatan kamxarajatligini miyasiga quyishadi. Tuzoq ish berib, bir haftalar o‘tib-o‘tmay Shahnoza ikki nafar tanishi: Ro‘zigul va Abdullaxonlarni yetaklab kelib turibdi-da. Har biri qo‘shni respublikasidagi pedagogika universitetiga o‘qishga kirishiga ishonib, 650 AQSH dollaridan berishadi va katta umidlar bilan xushxabarni kuta boshlashadi. Kirib kelgan yangi 2022 yil ikki hamtovoq uchun “serhosil” yil bo‘lishidan darak berayotgandi. 18 fevral kuni qo‘shni respublikalarning nufuzli oliygohlarida o‘qishiga ishongan Nilufar 12.500.000 so‘m, Zuhriddin 10.000.000 so‘m, Zarina 200 AQSH dollari beradi.

– Afsuski, hanuzgacha bilimlarini chuqurlashtirish, kirish imtihonlariga qunt bilan tayyorgarlik ko‘rish o‘rniga, pora berib oliygoh talabasi bo‘lish orzusida yuradigan yoshlar bor, – deydi Yakkasaroy tumani  IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Sardor Maxsatullayev. – Kuchli bilimga ega inson faqat o‘ziga ishonadi, pulning kuchiga emas.    

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi 1999 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti tugallanmagan oliy, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan Shahzodni va 1999 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti tugallanmagan oliy Suxrobni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “B” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Ularning aybiga to‘la iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, jabrdiydalarga yetkazilgan moddiy zararni to‘la qoplaganligi, jazoni og‘irlashtiruvchi holat aniqlanmaganligi inobatga olinib, har ikkisi ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech