12 Avgust 2024 Yil 914

Sarobga aylangan orzu-havas

       Davlatmand bo‘lsin degan niyatda ota-onasi 1996 yilda tug‘ilgan farzandlariga Davlatbek ismini qo‘yishdi. Qaniydi, farzandlar ota-ona orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishsa-yu, duolarini olib yurishsa... Dunyoda bundan-da ortiq baxt bo‘lmasa kerak ota-ona uchun. Biroq aksi bo‘lsa-chi?! 


        Orzu-umidlarini o‘g‘li Davlatbekka bog‘lagan ota-onaning afsuski, ishonchi oqlanmadi. Ilk bor firibgarligi uchun sudning qora kursisiga o‘tirgan Davlatbekning sud jarayonida qatnashgan ota-ona o‘g‘illarining kimga o‘xshagani, qayerdan shuncha firib va hiylakorlik, tekinxo‘rlik va ayyorligini o‘ylab o‘yiga yetisholmasdi. Axir ular bir umr halol mehnat qilib, farzandini  rostgo‘ylik va to‘g‘rilik ruhida tarbiyalashmaganmidi! Bir-birlariga: “kimga o‘xshadi bu?”deya qayta-qayta savol berishar, javobini topisholmay hangu mang bo‘lishardi. Keyin esa  ikkinchi, uchinchi ... o‘ninchi marotaba sudning qora kursisiga o‘tirganida onaning yuragi dosh bermadi. o‘g‘lining yana qamalishi, to‘rt devor  ichida  guldek umrini xazon qilishini o‘ylab emas, begunoh odamlarni ayamay qaqshatishi, har gal jabrdiydalarning ko‘zlaridagi go‘yoki  “qanaqa onasiz, o‘g‘lingizga tarbiya bera olmagan, hayf senga ...” degan taʼna-yu malomatning zalvori ezib qo‘ygani, umidlarining chilparchin bo‘lganidan. Ammo bu yo‘qotish noqobil o‘g‘il uchun saboq bo‘ldi desangiz, adashasiz. Davlatbek onaning o‘limida vijdon azobida qolish tugul, aybdorlik hissini ham tuymadi. Keldi-ketdi ko‘ziga bag‘ritosh va xudbin ko‘rinmaslik uchun “yo‘lini” qildi xolos. Endi yolg‘iz qolgan ota “bu kimga o‘xshadi?”  deb emas, “bu o‘zi odam-mi?!” deya savol iskanjasida qolgandi.


        2022 yilning  7 iyulida Yunusobod tumanida g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun payt poylab yurgan Davlatbek  Hayitjon boshqaruvidagi  avtomashinani qo‘l ko‘tarib to‘xtatdi. Yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketarkan, turmushidan, ro‘zg‘ordagi yetishmovchilikdan nolidi. Haydovchi uning qiyin ahvolini tushungandek tasalli bera boshladi. Erkak kishi yig‘lamasin ekan... Puli yo‘q odam asli taksiga o‘tiradimi – bu haqda Hayitjon o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi. Ammo u Davlatbek – aslida bo‘lmagan xotiniga –dori-darmon olishi uchun 700 ming so‘m so‘raganida yo‘q deya olmadi. Davlatbek Hayitjonni tanlab adashmagan ekan-a?! Vaholanki, Davlatbek  pulni Yashnobod tumanidagi tug‘ruqxonada ishlovchi  xotinidan olib berishni vaʼda qilgandi. Hayitjon uni Oloy bozoriga eltib kutib turdi. Davlatbek dorilarni olib chiqqach,  keyingi manzil tomon  yo‘l olishdi. Tug‘ruqxonaga yetib kelgach, Davlatbek pul olib chiqish bahonasida tug‘ruqxonaga kirib ketdi. Hayitbek kuta-kuta toqati toq bo‘lib, tug‘ruqxonaga kirib u yerda o‘tirgan qorovuldan so‘radi. Qorovul kasalxonaning narigi tomonida katta yo‘lga chiqadigan ikkinchi eshigi borligini aytganida, Hayitjon chuv tushganini tushungandek bo‘ldi. Vaqtni boy bermay ichki ishlar idorasiga qo‘ng‘iroq qildi.


       – Bukrini go‘r tuzatadi, degan xalq naqli, Davlatbek singarilarga nisbatan aytilgan. Yo‘qsa, hali qamoqxonadagi o‘rni sovimasdan, ozodlik havosini sipqorib ulgurmasdan qayta jinoyatga qo‘l uradimi?! – deydi Yashnobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Odil Mamatayev. – Afsuski, Davlatbek kabi xavfli retsidivist, deb topilganlarning ruhiyatida o‘zgalarga xayrixohlik, yon bosish, dardkashlik kabi hissiyotlarga o‘rin yo‘q.


         Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi Davlatbekni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topdi. U tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning to‘liq qoplangani, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligini inobatga olib, ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech