5 Noyabr 2024 Yil 305

Erkalasa ota-onasi, taltayadi bolasi

      (Biz xalq maqolini bir oz o‘zgartirdik, zotan quyidagi maqola buni oqlashiga shubhamiz yo‘q.)  Ota-ona eng yaxshi narsalarni farzandlariga ravo ko‘radi. Biz qiynaldik, farzandlarim qiyinchilik ko‘rmasin, deydi. Aslida bizlarni mehnatkash, tirishqoq va puxtalik, isrofgarchilikka berilmaslik, sabr-qanoat, rejali ish qilishga o‘rgatgan narsalar aynan o‘sha qiyinchiliklar emasmi?! Yaxshi niyat bilan o‘g‘illari Sherzodga Lacetti avtomashinasini olib bergan ota-ona xato qilishganini kech anglashdi. Biroq g‘isht qolipdan ko‘chgandi. Sherzod ertadan kechgacha avtomashinasida o‘rtoqlari bilan shahar aylanib, kunlarini tarallabedod o‘tkazishga o‘rgandi. Ularga ishlayapman, deb turli bahonalarni o‘ylab topib, aldab yurdi. Ota-onasi Yashnobod tumani Ichki ishlar organlariga chaqirilgandagina farzandi nima ishlar qilib yurganidan xabar topishdi. Avvaliga ishonishmadi. Lekin daliliy ashyolarni inkor qilib bo‘lmaydi. Voqea tafsilotlari haqida Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan Sirojiddin Zayniyev quyidagilarni maʼlum qildi.


        –  Sherzod tanishi Ibrohim bilan jinoiy til biriktirib,  2023 yilning 2 yanvar kuni tungi soat 01.30larda Chilonzor tumanida izg‘ib yurishadi. J.Sadinovga tegishli bo‘lgan, qarovsiz qoldirilgan Lacetti avtomashinasining 1.984.000 so‘mlik ikkita g‘ildiraklarini o‘z uskunasi yordamida yechib olishib, mashinasiga ortib juftakni rostlashadi. 2024 yilning 5 yanvarida tungi soat 02larda  Yashnobod tumani Xovos ko‘chasida Sh.Boymirovga tegishli Cobalt avtomashinasining 7.500.00 so‘mlik 4 dona g‘ildiragini disklari bilan o‘marib ketishadi. Ikkisi jinoiy harakatlarini davom ettirib, Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida D.Ubaydovga tegishli bo‘lgan Lacetti avtomashinasining 600 AQSH dollarilik 2 dona g‘ildiraklarini disklari bilan o‘marib ketishadi.


           Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi ochiq sud majlisida 2002 yilda tug‘ilgan Sherzod va Ibrohimlarning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topgan. Sud ularning muqaddam sudlanmaganligi, qilgan ishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararning qoplanganligini inobatga olgan holda Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda, har ikkisiga 2 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech