3 Iyun 2024 Yil 1212

Rishtalar yanada mustahkamlandi

Respublikamiz Prezidenti tomonidan ichki ishlar xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyasiga katta eʼtibor qaratilgan. Bu g‘amxo‘rlik yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan ko‘plab qarorlarda o‘z aksini topgan. Ular asosida Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan ham “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” shiori ostida mana necha yillardirki, samarali tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. IIBB rahbariyati tomonidan xodimalarning farzandlari bilan birgalikda Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Oqtosh” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga uyushtirgan sayohati 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Ona-bolalarning birgalikda madaniy-maʼrifiy hordiq olishlari uchun oromgohda barcha sharoitlar yaratildi, kerakli sport anjomlari bilan taʼminlandi. Ikki kunlik vaqt ichida dam oluvchilar qiziqarli viktorina, sport musobaqalari, “Quvnoqlar va zukkolar” bahslari, treninglar va boshqa ko‘ngilochar o‘yinlarda qatnashib, o‘zlarining va farzandlarining bilimi va jismoniy qobiliyatlarini ham sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi. Musobaqa g‘oliblariga Bosh boshqarma rahbariyati hamda ichki ishlar xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi tomonidan ajratilgan sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, yangragan sho‘x kuy va qo‘shiqlar ularga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Mazkur sayohat xodimalar, ularning farzandlarida yoqimli va unutilmas taassurot qoldirishi bilan birga ona-bola rishtalarini yana-da mustahkamlagani shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech