O‘sha kuni Erjan anchadan beri ko‘rishmagan tanishi Alisherni uchratib qoldi. Oqqo‘ngil Alisher bir piyola choy ustida gurunglashib bolalik, yoshlik davrini eslash uchun uni uyiga mehmondorchilikka taklif etdi. Shundoq ham tomog‘i taqillab, o‘ziga gumashta qidirayotgan Erjan jon-jon deb rozi bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay spirtli ichimlik, unga gazak va yana ul-bul yegulik xarid qilishdi. Gurung tungacha davom etdi. Alisher Erjanga shu yerda tunab qolishni aytib, uyquga ketdi. 2021 yilning 21 iyuni erta tongida Mirobod tumani ichki ishlar navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Erjan Alisherning uxlab yotganidan foydalanib, unga tegishli bo‘lgan 350.000 so‘mlik bir dona “Nokia ye 52”, 400.000 so‘mlik “Nokia 6700”, 100.000 so‘mlik “Nokia 3110”, 90.000 so‘mlik “Nokia 5130” telefonlari, 400 AQSH dollari, 300.000 so‘m pulini o‘g‘irlab, dasturxon yozib mehmon qilgan tanishiga jami 4.724.420 so‘mlik zarar yetkazadi.
– Ilgari bir emas, to‘rt marotaba o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan Erjan bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi, – deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Farruh Irgashev. – Tergov jarayonida mast bo‘lganligi bois o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilolmagani, “qo‘li ketib qolgani”ni, pushaymonligini aytib, Alisherdan qayta-qayta uzrini so‘radi. Alisher uni kechirgani bilan qonunning o‘z so‘zi bor.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi Erjanning qilmishini ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi. Sud 1981 yilda tug‘ilgan, xavfli retsidivist deb topilgan Erjanning aybiga iqrorligi, chin dildan pushaymonligi, keltirilgan zararni to‘liq qoplaganligini jazoni yengillashtiruvchi holat, deb topib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169- moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli, deb topdi va 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.