19 Iyul 2024 Yil 802

Qirol emas – qaysar “Lir”

Bu xonadon kichkina, tor bo‘lishiga qaramay, unda farzandlardan tashqari turli jonivorlarga hamisha joy topilardi. Ular kattalarning va bolalarning doimo ardog‘ida, parvarishida bo‘lardi. Nurlan  Djamolbekov ana shunday “ko‘pchilikning” ichida o‘sib ulg‘aydi.  Tumandagi kasb-hunar kollejining kinologiya bo‘limini muvaffaqiyatli tugatgan qahramonimiz, Respublikamiz Qurolli kuchlari safidan qaytgach, Toshkent shahar IIBB PPX JTSB Kinologiya xizmatini muvofiqlashtirish bo‘limida ish boshladi. Uning jonivorlar bilan tillashishini, sabrini sinab ko‘rish maqsadida ustozi, bo‘lim  boshlig‘i, polkovnik Aleksey Grishko boquvxonadagi jonivorlar bilan tanishtirgach:

 – Volyerlarning, itlarning tozaligi, suv-ovqatiga javobgarsan, – dedi.

Nurlan o‘z ishini vijdonan bajarishi, jonivorlarga mehrini ko‘rgach, bir necha oylik uch nafar kuchukchalarni ko‘rsatib, birini tarbiyasiga olishni taklif qildi.

– Bular laycha, ko‘cha itlari-ku! – eʼtiroz bildirdi Nurlan. Chunki, bunday it zoti – malinua-belgiya ovcharkalari haqida maʼlumotga ega emasdi-da o‘shanda.

– Sen olaver! Keyin rahmat aytasan.

Nurlan ustoziga hurmat yuzasidan, ammo istar-istamay kuchukchaga Lir laqabini berib tarbiyasiga olarkan, ertasigayoq to‘rt oylik malaka oshirish dargohiga birgalikda yo‘l oldi. Bu yerda kuchukni  qaramog‘iga olganligiga juda ko‘p pushaymonlar yedi. Holbuki, topshiriqlarni tez o‘zlashtirib, haftalik imtihondan o‘tganlar o‘z  jonivorlari bilan uyga borib kelish  huquqini qo‘lga kiritishardi. Uning Liri esa hech bir komandaga bo‘ysinmas, Nurlanning xunobini oshirib, “kel” ishorasiga ketib qolardi, “tek tur” desa, yugurib yurardi,  rosa “hunar” ko‘rsatar, hamkasblarining kulgisiga sabab bo‘lardi. Natijada imtihondan “yiqilib”, ikkisi shanba, yakshanbada ham shug‘ullanishga majbur edi.

– Uchinchi oy ham boshlandi, Lirni o‘zgartirmasam bo‘lmaydi, – deb ahd qildim, – deydi Nurlan o‘sha kunlarni xotirlab. – Hamkasblarim o‘zlariga biriktirilgan jonivorlaridan faxrlanishar, ularga havasim kelar, men esa nomi ulug‘, ammo “quloqsiz, noshud” Lirimga qarab mehnatlarimga achinib ketardim. Qancha unga tushuntirmay, yalinib-yolvormay, tushunishni xohlamasdi. Hademay uch oy bo‘ladi uyimga bormaganimga, oilamni ko‘rmaganimga, bunda esa o‘zgarish tugul, harakat ham yo‘q, deb  jahlim chiqardi. Har gal ustozim Aleksey Alekseyevichning “sabr,sabr”, degan so‘zlarini eslardimu lekin shuncha vaqtim bekor o‘tayotgani alam  qilayotgandi.  Ishonasizmi, sabr kosam to‘lay deganda Lir buni sezgandek, o‘zgara boshladi. Bir yarim oydan kam muddatda shunaqa ko‘rsatkichlar ko‘rsata boshladiki, o‘zim va murabbiylar ham lol qolishdi. O‘qishni aʼlo darajada bitirib qaytdik va xizmatga kirishdik. Ustozim aytganidek, nafaqat aʼlo xizmat qildi, balki sohada o‘tkazilgan barcha ko‘pkurash musobaqalarida qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallab keldi.

Bir vaqtning o‘zida Nurlan uy sharoitida sharqiy yevropa ovcharkasini tarbiyalay boshladi. Bir yildan so‘ng hakamlar imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan Reks ichki ishlar idoralari balansiga olindi. Ayni paytda Nurlan Reks bilan zimmasiga yuklangan vazifalarni bekamu ko‘st bajarib kelmoqda. Xizmatlari yuqori baholanib 3 –darajali bronza ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

O‘z to‘rt oyoqli hamkasblari haqida faxr bilan so‘zlayotgan poytaxt IIBB PPX JTSB Kinologiya faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi kichik instruktor-kinologi, safdor  Djamolbekov Nurlanning so‘zlarini tinglarkansiz, buning zamirida  qanchalik mehnat, mashaqqat va sabr borligini tasavvur qilish qiyin. Bu haqda o‘zi “Sabrning tagi – sariq oltin” maqoli bejizga aytilmagan ekan, deya taʼkidlaydi.

Barcha yangiliklar

Text to speech