6 Noyabr 2024 Yil 401

Qimmatga tushgan ichkilik

Qarama-qarshi yo‘l bo‘lagiga chiqib ketib, to‘qnashuv sodir etishiga bir bahya qolganida Kamtarning hushi o‘ziga keldi. Tormozni keskin bosib,  boshini rulga qo‘ydi. Kimning avtomashinasida o‘tiribdi, qayerga, qanday qilib kelib qolganini anglashga urindi. Xayoliga kelgan fikrdan qo‘rqib ketdi. Kuyovi Nodirjonga qo‘ng‘iroq qilib tezda  Farhod bozori chorrahasi yonidagi ko‘chaga yetib kelishini so‘radi. Ammo kuyovi yetib kelmay turib, avtomashina oynasini ichki ishlar xodimlari taqillatib, unga mashinadan tushishni buyurganida, oyoqlari qaltirab, tili kalimaga kelmay qoldi.

Aslida Kamtarning spirtli ichimliklar ichishga hushi yo‘q. O‘z ahvoli o‘ziga ayon. Ichdimi, es-hushini yo‘qotadi. Kim, qayerda o‘tiribdi, yonida kimlar bor edi, nimalarni gapirdi, nimalar qildi: eslay olmaydi. Shuning uchun ichmaydi. Lekin  o‘sha kuni yaʼni, 2023 yilning 12 sentyabrida tanishi Qodir bilan  bearmon ichdi. Tongga yaqin gandiraklab chiqib ketdi. Chilonzor mavzesidagi uy oldida turgan Nexia-3 avtomashinasi eʼtiborini tortdi. Unga yaqinlashib oynasidan kalit ichida turganini ko‘rgach, tosh bilan oynasini urib sindirib, o‘t oldirdi-da haydab ketdi.

— Oliy maʼlumotli bo‘lgan qahramonimiz, aslida tuppa-tuzuk kasb-korga ega, bir nafar voyaga yetmagan farzandning otasi. O‘sha kuni tanishining tug‘ilgan kuni bahonasida birga o‘tirib spirtli ichimliklar ichishadi. Qodir oyog‘ida turolmay, uxlab qoladi, Kamtar esa uyiga borish niyatida yo‘lga chiqadi va jinoyat sodir etadi. Qizig‘i, bunday holatda u uyini ham topa olmasdi, aslida, — deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Baxtiyor Nazimbayev. – Yaxshiyamki, biror shaxsga ziyon yetkazmagani, o‘zini xatti-harakatiga javob bera olmaydigan shaxsdan  nima kutish mumkin?! Tergov jarayonida nima uchun avtomashinani olib qochganligiga biror jo‘yali izoh topolmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1994 yilda tug‘ilgan Sh.Kamtarning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi, 1-qismi (“Transport vositasini olib qochish”) bilan aybli, deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligini, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligini inobatga olib, mazkur kodeksning  57-moddasini qo‘llab, 3 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech