14 Sentyabr 2024 Yil 603

“Gerbariy” sotish ilinjida

32 yoshli Dmitriy (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ish vaqti tugagach, hamkasblari bilan shoshilib xayrlashdida, aylanma yo‘llar bilan avtobus bekati tomon yo‘naldi. Erta kuz chog‘i. Onda-sonda uchraydigan ko‘cha chiroqlari xazonrezgi qoplagan notekis yo‘laklarni g‘ira-shira yoritadi. Dmitriy shoshilmay, yo‘l chetida o‘sib yotgan o‘t-o‘lanlarga diqqat bilan qarab kelayotir. Uni o‘simliklar dunyosiga qiziqib qoldi, deb o‘ylamang. Hafta oldin u qalin o‘tlar orasida giyohvand moddasi bo‘lgan o‘simlikni ko‘rib qolgandi. Hozir uni topish ilinjida. Mana u. Ehtiyotkorlik bilan bir necha shoxini sindirdi. Oldindan tayyorlab olib kelgan qog‘ozga avaylab o‘radi va kurtkasi cho‘ntagiga soldi. O‘sha paytda u o‘z qilmishining oqibatini o‘ylamagandi, faqat sudning qora kursisiga o‘tirgandagina qilgan ishiga qattiq pushaymon bo‘ldi-yu, ammo kech edi. U uyga kelib kurtkasini ilgichga ildi-yu bir muncha vaqt bu haqda unutdi. Biror hafta o‘tib u o‘z «gerbariysi» uchun xaridor topish ilinjida eski tanishiga qo‘ng‘iroq qilib nozik masala bo‘yicha gaplashib olishi kerakligini shaʼma qildi. Ilhom bilan Bektemir tumanidagi mijozlari gavjum bo‘lgan qahvaxonalarning birida uchrashdi. Suhbat spirtli ichimliklarsiz o‘tmadi. Dmitriy gap ustida o‘z topilmasi haqida gapirganda, Ilhom bundan zudlik bilan biron ko‘ngilsizlik ro‘y bermay turib qutulish kerakligini aytib, ketishga chog‘landi. Dmitriy uning ogohlantirishiga qaramay, ko‘chada notanish bir shaxs bilan yana spirtli ichimlik isteʼmol qiladi. Mastlikda Dmitriy unga giyohvand moddasi borligini, sotib olishni taklif etadi. Nomaʼlum shaxs bo‘sh idish topib kelishni bahona qilgancha chiqib ketdi, bir muncha vaqt o‘tmay Toshkent shahar IIBB PPX xodimlari bilan paydo bo‘ldi. Dmitriy cho‘ntagidagi “gerbariy”ni tashlab yuborishga urindi, ammo ulgurmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi Dmitriyni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi (“Giyohvand vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan aybli deb topdi va 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Mazkur jinoyat ishi bilan Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Shohrux Bozorov tanishtirdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech