19 Oktyabr 2024 Yil 432

Poytaxt ichki ishlar organlari faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov Toshkent shahar IIBBda poytaxtimizdagi ichki ishlar faxriylari bilan ochiq muloqot tarzida uchrashuv o‘tkazdi.

O‘tkazilgan muloqotda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, bosh boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ham ishtirok etdi. Yig‘ilishda vazir o‘rinbosari mamlakatimizda keksalarga, jumladan, soha faxriylariga ko‘rsatilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rliklar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, oktyabr oyining boshida uyushtirilgan “Keksalar haftaligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda "Noyabr — keksalar uchun turizm oyligi" davomida amalga oshiriladigan ishlar bilan tanishtirib o‘tdi. Shuningdek, ichki ishlar organlari faxriylar kengashlarining faoliyati, xususan, joriy qilingan ilg‘or tajribalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘z navbatida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi faxriylar kengashi masʼullarining joriy yildagi hisoboti tinglandi. Shundan so‘ng faxriylarning fikr va takliflari eshitildi.

Ushbu jarayonda faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va sanatoriylarga yo‘llanmalarni ko‘paytirish kabi bir qator masalalar ko‘tarildi.

Shuningdek, ustoz va shogird anʼanasini kuchaytirish, faxriylarning hayotiy tajribasi va bilimlaridan ichki ishlar organlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatida keng foydalanish bo‘yicha takliflar bildirildi. Tadbir yakunida faxriylar uchun bayram dasturxoni yozildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech