3 Avgust 2024 Yil 820

Poydevorimizni mustahkamlaymiz

"Bolalar - ota-onalarga berilgan omonatdir"

Imom G‘azzoliy

Bolalarimiz kelajagimiz poydevori. Kelajagimiz farovon, to‘kin, osoyishta bo‘lishi uchun bolalarni bugundan o‘qitishimiz, tarbiyalashimiz lozim. Har bir jamiyat, har bir oila bola tarbiyasi uchun masʼuldir. Biroq  besh qo‘l baravar bo‘lmaganidek, ayrim oilalarda farzand taqdiriga befarq, tarbiyasiga loqayd ota-onalar ham uchrab turadi. Ayrim hollarda  bolalarning o‘zlari ham “o‘tish” yoshida o‘zgarishga yuz tutadi. Ayni hozirgi vaqtda ko‘chadagi  turli diltortar, ko‘zni o‘ynatadigan brendu trend narsalar  ham ularning tushunchayu feʼlini o‘zgartirib yubormoqda. kimningdir sharoiti bor, kimnikidir oddiy telefon olishga ham qurbi yetmaydi. Bola esa bundan o‘ksiydi. Ota-onasidan ko‘ngli qoladi, tushunmovchiliklar ortidan hatto uyidan qochib ketadi.

Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tarbiyasi og‘ir, davlat va jamoatchilikning yordamiga muhtoj, uyidan qochgan yoki ota-onasini yo‘qotgan, nazoratsiz va qarovsiz qoldirilgan bolalarni qabul qiladi. Bu yerda ularning sog‘lig‘i tekshiriladi, psixologlar yordamida har birining shaxsiy portreti shakllantiriladi. Oilasi, qiziqishlari o‘rganilib, imkoniyatlari chegarasida tegishli mashg‘ulotlarga jalb etiladi. Markazda turli sport seksiyalari, shaxmat-shashka, robototexnika, IT xonalari, tikuv-bichuv to‘garaklari faoliyat yuritadi va har bir bola o‘z qiziqishlari bo‘yicha shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Shinam va yorug‘ yotoqxonalar, kutubxona, oshxona, sport zallari tunu kun bolajonlarning xizmatida.

— Markazimizda nafaqat bolalarni tarbiyalash, o‘qitish, balki ularni, yaʼni ota-onasiz qolganlarni oilaga berish masalasi ham mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda hal etiladi, - deydi Markaz boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan Zafar Israilov. – Oilaga joylashtirilgani  masʼuliyat soqit qilindi, degani emas. Tez-tez xabar olinib, tarbiya, muomala jarayonlari uzluksiz nazorat qilinadi. Zaruriy pedagogik, psixologik yordam ko‘rsatiladi. Mazkur dargohda bolalarning jismoniy hamda maʼnaviy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.  

Markazga nafaqat  poytaxt, viloyatlar, baʼzan qo‘shni davlatlardan ham voyaga yetmaganlar qabul qilinadi. Chet davlatlarga ishlash uchun borib u yerda ayrim sabablarga ko‘ra salomatligini yo‘qotish yoki vafot etish oqibatida bolalarning qarovsiz yoki yolg‘iz qolishi holatlarida ularni yurtimizga olib kelish Markazlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar orqali amalga oshiriladi.

– Amaliyotimizda qiz yoki o‘g‘il bolalarni asrab olgani, ammo bir muncha vaqt o‘tib, tarbiyasini eplay olmay, qaytarib olib kelgani yoki bolaning o‘zi qochib kelganligi misollari ham yo‘q emas, - deydi Zafar suhbatni davom ettirar ekan. – Albatta, har bir bola oilada, o‘z ota-onasi quchog‘ida o‘sishi shart. Bu maskanda qanchalik ularga sharoit yaratmaylik, g‘amxo‘rlik qilmaylik, kulbada yashasa ham ota-ona bilan birga yashashning baxtini bera olmaymiz. Shu o‘rinda otalarga qarata aytardimki, farzandingiz taqdiriga befarq bo‘lmang! O‘g‘il-qizlaringiz tarbiyasini ayolingizni o‘ziga tashlab qo‘ymang! Oilaviy muammolar, nizo va mojarolarga bolalarning daxli yo‘q. Bolalar to‘liq oilada, tinch-totuvlikda voyaga yetishga haqli. voyaga yetmagan bolalarning tarbiyasida nafaqat onalar balki otalar ham faol ishtirok etishi, ayniqsa, o‘g‘il bolalar tarbiyasi bilan bevosita otalarning o‘zi shug‘ullanib, balog‘at yoshidagi inqirozlarni farzandlari yengib o‘tishida yelkadosh-sirdosh ota bo‘lishlari tavsiya etiladi.

Bolalarning yashash sharoitlarini o‘rganar ekanmiz, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lganlar, kam taʼminlangan, yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan oilalarga ham yordam ko‘rsatamiz. Bu xayrli ishlar hokimiyat, IIBB va boshqa hamkor tashkilotlarning doimiy eʼtiborida.

Tarbiyasi og‘ir, jinoyatga moyil deb topilganlarning kelgusi taqdiriga ham befarq qaralmaydi. Ular bu yerdan chiqqach, mahalla profilaktika inspektori, faollari, Yoshlar agentligi xodimlariga biriktiriladi. O‘rganish xulosalariga ko‘ra mehribonlik uylariga, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga joylashtirilganlarning keyingi hayotlari ham kuzatuvga olinib, nazorat o‘rnatiladi.

Markaz hayoti bir soniya ham  tinmaydi. Xodimlar ham doim harakatda. Holbuki, har bir bolaning keyingi taqdiriga hech kim befarq emas. Shu bois mazkur dargohdagi barchaning diqqat-eʼtibori bolaning bugungi kuniga emas,  o‘nlab yillar oldinga qaratilgan.

Barcha yangiliklar

Text to speech