Mamlakatimizda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining jumladan, piyodalar, ayniqsa bolalar ishtirokidagi baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar belgilanib kelinmoqda. Aytish joizki, ularning xavfsizligi, sogʻliq-salomatligi davlatimiz va qonunchiligimiz tomonidan himoyalanib kelinadi va hamisha eʼtiborda. Oʻrganishlardan maʼlum boʻlmoqdaki, yoʻl infratuzilmasidagi ayrim mavjud xato va kamchiliklar piyodalarning harakatlanish xavfsizligiga salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Piyodalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar harakatining ustuvorligi, yoʻllarda harakatlanishning teng xuquqli ishtirokchisi ekanligi hamda xavfsizligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yilning 30-noyabrida yoʻl harakati qoidalariga qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritdi. Chunonchi, Yoʻl harakati qoidalari ilovasiga muvofiq “Baland piyodalar oʻtish joyi” yoʻl belgisi hamda yoʻl yotiq chiziqlarini amalga tadbiq qilish belgilandi. “Baland piyodalar oʻtish joyi” yoʻl belgisi hamda yoʻl yotiq chiziqlari shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarida, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllarining yoritilgan, yuqori tezlik soatiga 30 kilometrgacha cheklov oʻrnatilgan yoʻl uchastkalarida, turar-joy dahalaridagi koʻrinish cheklangan chorrahalarda, bolalar maydonchalari, taʼlim muassasalari oldidagi yoʻl qismlari, ommaviy dam olish joylari, stadion, vokzal, savdo markazlari hamda boshqa odam gavjum joylarda, koʻchalarning 1.21. “Bolalar” yoʻl belgisi taʼsiridagi qismlariga oʻrnatiladi. Mazkur 5.48. “Baland piyodalar oʻtish joyi” yoʻl belgisi (ilova qilinadi) 5.16.1 – 5.16.2 yoʻl belgilari bilan birga qoʻllaniladi. Mazkur yoʻl belgisi va yoʻl yotiq chiziqlari haydovchilarni ogohlik va hushyorligini oshirib, piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun xizmat qilishi, ular ishtirokidagi koʻngilsiz hodisalarning oldini olish imkonini berishi, shubhasiz. Piyodalarning xavfsiz harakatlanishini taʼminlash borasida, hududlardagi holatlar oʻrganilib, tegishli manzillarga mazkur belgilari oʻrnatilishi, piyodalarga qulaylik yaratilib, ularning xavfsiz harakatlanishi taʼminlanishi muqarrar.