21 Noyabr 2024 Yil 441

O‘ynab gapirsang ham...

... o‘ylab gapir, degan ibora juda to‘g‘ri aytilgan. Tilga erk berish orqali baʼzan insonning o‘zi o‘z oyog‘iga bolta uradi. Ortidan pushaymonlik, ammo kech qilingan pushaymonlik, afsus-nadomat keladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida 2000 yilda tug‘ilgan L.Shahriyorning qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  104-moddasi 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Sud aybdorning jabrlanuvchi bilan yarashganligi, muqaddam sudlanmaganligi, qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llab, 4 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi. Voqea esa bunday bo‘lgandi.

Shahriyor 2022 yilning 19 may kuni o‘zi ishlayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatga keladi. Jamiyat hovlisidagi sochilib yotgan temir bo‘laklarini yig‘ishtirib, ularni saralayotgan vaqtida soat 16.00 larga yaqinlashgan edi. Shu chog‘ birga ishlovchi Nodir kelib:

— Ha, o‘marib ketish uchun tayyorlab qo‘yyapsanmi?, – deb kesatadi.

— Qachon ko‘rding o‘g‘irlik qilganimni? O‘g‘irlikda sendan o‘tadigani bo‘lmasa kerak o‘zi.

— Ey, og‘zingga qarab gapir!

Kesatiq va bir-birlarini o‘g‘irlikda ayblov bilan boshlangan  suhbat tez orada janjalga aylandi. Nodir o‘zini tutolmay Shahriyorga musht tushirdi, gandiraklab yiqilgan Shahriyorni do‘pposlab ketdi. Uning mushtidan arang qutulgan Shahriyor qochdi. Nodir raqibini qochib ketdi, deb o‘ylab, ust-boshini qoqib, o‘zini tartibga keltira boshladi. Biroq Shahriyor kaltak yeganiga alamzadaligi uchun Nodirdan o‘ch olish maqsadida, qo‘liga temir bo‘lagini olib Nodir tomonga irg‘itdi. Temir bo‘lagi boshiga tegib u yiqildi. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi Nodir olgan jarohatlarni sog‘lig‘i uchun og‘ir, deb qayd etdi.

— Aslida hech kim hech kimni asossiz biron jinoyatda, qoidabuzarlikda ayblashga haqli emas, – deydi Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta  tergovchisi, mayor Nurullo Dushayev. – Agar shaxs jinoyat alomatlarini aniqlasa yoki guvohi bo‘lsa, bu haqda tegishli organlarga xabar bermog‘i lozim. Zotan, bugun barcha mutasaddi tashkilot va organlarning ishonch telefonlari mavjud va unga qo‘ng‘iroq qilib qonunbuzarliklar haqida xabar bergan fuqaroning shaxsiyati sir tutilishi kafolatlangan.


Barcha yangiliklar

Text to speech