6 Avgust 2024 Yil 1069

O‘yindan «o‘t» chiqdi

Abdurasulning ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bor. Tayinli biror joyda ishlamagan. Ishlashga tobi-toqati ham yo‘q. Har oyda ishini o‘zgartiradi. Xotinining «qachon ishlaysiz?» degan savoliga, «arzimagan oylikka ishlab ahmoqmanmi, ish qidiryapman», deya telefondan bo‘shamaydi.  Telefonda bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi eʼlonlarni ko‘rish bilan ovora, deb o‘ylasangiz adashasiz. U telefondagi totalizator o‘yinlariga mukkasidan ketib, oilasining, farzandlarining rizqi bo‘lmish naq ming AQSH dollarini tikib, yutqazib qo‘yganini Yaxshiyamki, xotini bilmaydi. Aslida bu pullarni xotinidan ish topdim deb, yo‘lkira haqi, tushlik haqi deb, yana turli-tuman bahonalarda olgan edi-da. Mavjuda ham ota-onasi, yaqinlari, tanish-bilishlaridan olgan qarzlarini tinmay so‘rab qo‘yavermasdi. Abdurasul o‘yinga tikkan pullarning o‘rnini qoplash haqida tinmay o‘ylay boshladi. Ter to‘kishga esa toqati yo‘q. Shunday kunlarning birida, aniqrog‘i 2021 yil yanvarida sinfdoshi Faxriddinni uchratib qoldi. Faxriddin avvaldan ishonuvchan, birovning diliga ozor yetkazishdan qo‘rqadigan, andishali, hatto o‘z haqini so‘rashga iymanadigan bola edi. Ammo yillar uni o‘zgartirgan, biroq Abdurasulning tasavvurida u shundayligicha qolgandi, go‘yo.  U Faxriddinga o‘zini tadbirkor qilib ko‘rsatdi. Tekstil mahsulotlari bilan shug‘ullanishini aytib, agarda pul tiksa, oyma-oy foydadan ulush berib turishini taʼkidladi. Faxriddin avvaliga ko‘nmadi. Sinfdoshini ko‘ndirishga bel bog‘lagan Abdurasul qayta-qayta unga qo‘ng‘iroq qilib, axiyri maqsadiga erishdi. Faxriddin oyiga 200 AQSH dollari olish umidida, Abdurasulga 1000 AQSH dollarini shunday, rasmiyatchiliksiz  berib yubordi. Vaʼda qilingan  “ulush”dan darak bo‘lavermagach, ichki ishlar idoralariga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi.

– Abdurasul har safar telefondagi tavakkalchilik va qimor o‘yinlariga pul tikarkan, “yutaman, yutsam, qarzlarimdan qutulaman”, deb o‘ylab, qarz botqog‘iga botavergan, – deydi Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant  Shaxbozjon Rahmatov. – Ammo bu o‘yinlar Abdurasul singari kaltabin, ishlamay pul topishni maqsad qilgan ishyoqmaslarga mo‘ljallangan  ayyorona to‘r ekanligini  ular tushunishmaydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi Abdurasulni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topib, unga oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 2 yilu 6 oyga  axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech