2 Oktyabr 2024 Yil 294

Ovozni o‘zgartirib bo‘lmaydi

Bobur uyali telefoni imkoniyatlaridan foydalanib pul topishni rejalashtirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqiruvchi kontentlarni o‘qib borarkan, xuddi Bobur bilan o‘chakishgandek, firibgarlar aynan u tanlagan usullardan foydalanishar, bu esa Boburni hali odamlarga notanish bo‘lgan firib yo‘lini izlab topishga majbur qilardi.  Tavakkal qilib 2024 yil 25 yanvar kuni soat 10.00 larda  ijtimoiy tarmoq orqali buyurtma yetkazib berish xizmati bilan bog‘landi. Nozimjonga Uchtepa tumani Mirxond ko‘chasidagi falon uy oldiga borib, uch dona ayollar ro‘mollarini yetkazib kelishini, 330.000 so‘m pul to‘lab turishini, falon manzilga olib kelgach pulini va yo‘l haqini to‘lab berishini aytdi. Sodda Nozimjon ro‘mol – aslida quruq qog‘oz ekanini bilmasdi, uni ko‘tarib chiqqan yosh yigitchaga 330.000 so‘m berdi-da aytilgan manzilga molni yetkazish uchun g‘izillab ketdi. Ammo aytilgan manzilda hech qim uni kutib olmadi, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob ham bo‘lmadi. Shu kunning o‘zida Jaloliddin 350.000 so‘mga, Otabek 170.000 so‘mga  xuddi shu yo‘sinda chuv tushdi.

— Qora sellofan paketlarga oddiy qog‘oz bo‘laklarini solib, go‘yoki telefonda aytilgan tovarlarni berib yuborayotgandek ko‘rsatib, aslida beruvchi ham oluvchi ham o‘zi ekanligini yashirib pul ishlamoqchi bo‘lgan Boburning hiylasi fosh etildi, — deydi  Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Sarvarjon Sobirov, — Tergov jarayonida u foydalangan uyali telefonini yo‘qotib qo‘yganligini aytib, aybini tan olmaslikka urindi, ammo o‘tkazilgan fonoskopik ekspertiza buyurtmachining ovozi aynan Boburga tegishli ekanligini tasdiqlagach, qilmishidan pushaymonligi, aybiga to‘la iqrorligini bildirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi ochiq sayyor sud majlisida Boburning qilmishlarini ko‘rib chiqdi. Uning aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, keltirilgan zararni to‘liq qoplagani, muqaddam sudlanmaganligini eʼtiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “ba” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi va ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech