13 Avgust 2024 Yil 947

Qoramol bilan bog‘liq mashmasha

        Bugungi kunda  istalgan ishni uyali telefon orqali hal qilish imkoniyati bor. Internet tarmog‘iga ulangan bo‘lsangiz bas. Jahongir ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirib, kirmagan sayti, ko‘rmagan kontenti qolmagan. Uch nafar voyaga yetmagan farzandining parvarishi-yu tarbiyasi esa ota-onasi va turmush o‘rtog‘ining yelkasida. Ijtimoiy tarmoqlardagi savdo saytlaridan biridagi eʼlonlarni ko‘zdan kechirib o‘tirarkan, sotilayotgan ikki bosh chorva mollari haqidagi eʼlon eʼtiborini tortdi. Ota-onasiga mol oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishga ahd qilganini aytib, yalinib-yolvorib boshiga uch million so‘m oldi. Qo‘ng‘iroq qilib, manzilni qo‘lga kiritgach, yo‘lga tushdi. O‘shanda 2021 yilning 16 dekabri edi. Jahongir ikki bosh qoramol uchun 5 million so‘m berishini aytdi. Abdusamat rozi bo‘ldi. Ammo hozir  yonida uch million so‘m borligi, qolgan ikki millionni uch kun ichida keltirib berishini aytganida, mol egasi ikkilana boshladi. Jahongir bor mahoratini ishga solib, Abdusamatni ko‘ndirdi-da mollarni yuk mashinasiga orta boshladi. Shu orada qo‘shnisi Farrux chiqib qoldi. U ham qish ozig‘i yetmayotganligi bois, ikki bosh qoramolini sotishga majbur bo‘layotganini bildirdi. Jahongir uning mollarini 6 million so‘mga baholadi va pullarni uch kun ichida berishini aytib, ishontirdi. Xaridor uch kundan keyin ham, 10 kundan keyin ham, bir oydan keyin ham pullarni olib kelish u yoqda tursin, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagach, qo‘shnilar Yashnobod tuman ichki ishlar idorasiga murojaat qilishdi.


          – Abdusamat  qo‘lga kiritgan mollarni ertasigayoq mol bozorida sotib, pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib yubordi, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Nuriddin Ramazonov – Aslida u boshidan pullarni egalariga berish niyatida bo‘lmagandi. Afsuslanarlisi, mol egalari bilan birgalikda ota-onasining ham aldanib qolgani.


           Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi Abdusamatni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi bilan aybli deb topib, yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech