5 Sentyabr 2024 Yil 673

Ommaviy oferta shartlari bilan to‘liq tanishing

Bugungi kunda hayotimizni zamonaviy gadjetlarsiz tasavvur qila olmaymiz. Gadjetlar yordamida kasbimiz, maishiy xizmatlar, sog‘lig‘imiz, xonadonimiz va boshqa shaxsiy yumushlarimiz uchun kerakli bo‘lgan turli xil elektron dasturlardan foydalanamiz.  

Dasturlar ikki turga bo‘linadi: pullik va bepul.

Pullik dasturlar xizmat ko‘rsatishni boshlashdan oldin o‘zaro bitim imzolashni talab etadi. Bu borada masofa xalal bermasligi uchun ommaviy oferta ishlab chiqilgan bo‘lib, unda xizmat ko‘rsatuvchi va mijoz o‘rtasida huquq va majburiyatlar taqsimlanib, o‘zaro imzolanadi. Bu jarayon onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Oferta, offerta (lotincha: offero — “taklif etaman”) — bir shaxsning boshqa shaxsga tovar yetkazib berish, biror bir xizmat ko‘rsatish yoki boshqa harakat uchun shartnoma tuzish istagi va shartlari haqida yozma yoki og‘zaki xabarnoma hisoblanadi. Shunday xabar yuborgan jismoniy yoki yuridik shaxs offerent, xabarnoma olgan shaxs akseptant deb ataladi.

Ommaviy oferta – bu ikki tomon, odatda, xizmat ko‘rsatuvchi va isteʼmolchi o‘rtasidagi bitim shartlarini belgilaydigan huquqiy hujjat. Kredit olish yoki shartnomaviy (pullik) munosabatlarga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqyapsizmi, ommaviy ofertani yoki bitim bilan bog‘liq shartnomani diqqat bilan o‘qib chiqish va tushunish juda muhimdir. Ushbu hujjat ishtirok etgan tomonlar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va har bir tomonning huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida muhim maʼlumotlarni taqdim etadi.

Lekin unutmaslik kerakki, bu kabi ommaviy oferta shartlari bilan to‘liq tanishib chiqmay turib, qabul qilinishi oqibatida ko‘plab moliyaviy muammolar kelib chiqishi mumkin.

Masalan, fuqaro B. o‘zining instagram sahifasida video-rolik ko‘rayotgan paytida, sog‘lom ozish haqidagi vebinarni ko‘rib qoladi, unga qiziqib, keltirilgan havolani bosish orqali web-sahifaga kiradi, u orqali ro‘yxatdan o‘tish davomida ommaviy ofertani qabul qilib, bir necha kun dasturdan bepul foydalanadi. Bepul foydalanish davri tugaganidan so‘ng esa ozish bo‘yicha olayotgan qo‘llanmalar uchun obuna puli oyma-oy maʼlum miqdorda plastik kartasidan yechiladi. Fuqaro B. esa bundan bexabar, plastik kartasidan pul o‘g‘irlanayotganligi haqida 102 raqamiga murojaat qiladi.

Bu kabi holatlar o‘rganilganda, ommaviy ofertaning ichida ushbu web-dasturdan foydalanish uch kun bepul ekanligi, qolgan kunlari har oylik to‘lov hisobidan pullik obuna bo‘lishi, fuqaro bunga rozi bo‘lganligi yuzasidan “Rozilik” tugmasini bosganligi aniqlangan. Surishtiruv jarayonida arizachi ommaviy oferta shartlari bilan to‘liq tanishmasdan “Keyinga o‘tish” tugmalarini bosaverganligini maʼlum qilgan.  

Yuqoridagi misolga qaytadigan bo‘lsak, fuqaro B. sog‘lom ozish bo‘yicha olayotgan qo‘llanmalari uchun uch oy mobaynida web-dasturdan foydalanib kelishi davomida ushbu web-dasturga bog‘lagan plastik kartasidan pul mablag‘lari yechib olingan.

Hurmatli fuqarolar, bu kabi holatga tushmaslik va plastik kartangizdagi pullar qayerga g‘oyib bo‘layotganligidan xavotir olmaslik uchun quyidagi maslahatlarga amal qiling:

• Kredit rasmiylashtirish, web-dasturlarni yuklab olish, shartnomaviy (pullik) munosabatga kirishishda ommaviy oferta yoxud taqdim etilgan shartnoma shartlari bilan to‘liq tanishib chiqing.

• web-dasturlardan pullik xizmat yordamida foydalanish niyatingiz bo‘lmasa, plastik kartangizni ushbu dasturlarga bog‘lamang. Plastik kartangiz maʼlumotlari so‘ralsa, ogoh bo‘ling!  

• Shartnomani imzolash uchun shartnoma o‘zingiz yaxshi biladigan tilda taqdim etilishini talab qiling va o‘zingizga bir nusxasini oling, uni albatta saqlab qo‘ying.

• Kredit (qarz) shartnomasi shartlarida isteʼmolchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan talablar kiritilmaganligiga ahamiyat bering;

• Kredit foizlari va qo‘shimcha xizmatlar (to‘lovlar) bilan tanishib, to‘lov usulini va sug‘urtalovchini erkin tanlash huquqidan foydalaning.


Barcha yangiliklar

Text to speech