Oliy ma'lumot olish yosh avlodni giyohvandlikka tobe bo‘lmasligini kafolati bo‘la oladimi?
Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.
Ularni oliy ta'limga qamrab olish maqsadida Oliy ta'lim muassasalarining soni 211 taga yetkazildi. Hozirda ushbu OTMlarda 1,5 millionga yaqin yoshlar tahsil olib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘quvchilarni oliy ta'limdagi qamrovini 38 % ga yetganligini ko‘rsatadi. Talabalarning ta'lim olishlari uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgan. Jumladan, zamonaviy o‘quv majmualari, ta'lim kreditlari va boshqa ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Shunga qaramasdan yoshlarimiz o‘rtasida turli psixologik inqirozlar sababli psixofaol moddalarga ruju qo‘yish holatlari ko‘payib bormoqda. Shu bilan birga, narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlar soni tobora ortib, 2019 yilda 5026 ta, 2020 yilda 6032 ta, 2021 yilda 7142 ta, 2022 yilda 8681 ta, 2023 yilda 10011 tani tashkil etgan.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, psixofaol moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar soni 74 foizga, shu jumladan, talabalar soni 21 foizga, maktab o‘quvchilari soni 6 barobarga oshgan. Jumladan, 2023 yilda narkojinoyatlar uchun qo‘lga olingan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning 97 nafarini OTMlar talabalari tashkil qilgan.
Shu sababli, oliy ma'lumotga ega bo‘lish yoshlar shaxsini shakllantirish va ularda tanqidiy fikrlashni rivojlantirishda muhim bo‘g‘in bo‘lib qolayotganiga qaramay, u har qanday giyohvandlikdan mutlaq himoyani kafolatlamaydi.
Bu faktni o‘quvchi va talabalarning yaqinlari hamda yoshlar bilan ishlaydigan tashkilot mas'ullari yodda tutishlari kerak. Ogoh bo‘ling!