31 Oktyabr 2024 Yil 335

Oliftagarchilikni eplolmadi

Kimdir yashash uchun ovqatlanadi, kimdir ovqatlanish uchun yashashi haqidagi mashoyixlarning qaydlari ko‘pchilikka tanish. Yemakning halol bo‘lishi, kam-kam yeyishlik salomatlikning garovi haqida ham. Biroq qarzga, garov evaziga ovqatlanish haqida eshitmagan bo‘lsangiz kerak. Kamiga tuhmat qilishdek jirkanch qilmish aslo oqlab bo‘lmaydigan holat. Farruh oilali, bir nafar voyaga yetmagan farzandning otasi. Yollanma mehnat bilan shug‘ullanadi. Omadi chopsa, ko‘proq pul topishi mumkin. Baʼzan hech narsa topmasligi ham mumkin. Botir bilan baʼzan sheriklikda ishlaydi. Omadi chopib ikkovi uch kunlik ish olishdi. G‘ayrat qilib uni ikki kunda bajarishib  pulni olisharkan, Farruh Botirga: ”bir tungi klubga bormaymizmi? To‘g‘risi sira ham bormaganman. Kel, bir yoshlikda o‘ynab qolaylik”, deya taklif berdi.

— Men og‘ir mehnat qilib topganimni qanaqangidir tungi klubga sarf qilishni xohlamayman. Undan ko‘ra  uyimga ro‘zg‘or qilaman, – dedi qatʼiy Botir. Bir o‘zi notanish joyga so‘ppayib kirib borishni o‘ziga ep bilmagan Farruh:

— Men seni mehmon qilaman, menga sherik bo‘lsang bo‘lgani, – deya Botirning holi-joniga qo‘ymadi.

Ular tungi uchlarga yaqin Uchtepa tumanida joylashgan tungi klublarning biriga tashrif buyurishdi. Botirning ogohlantirishiga qaramay, Farruh o‘zi bilgan-bilmagan taomlar, ichimliklarga buyurtmalar bera boshladi. Tungi klub deganlari Botirga yoqmadi va u uzrini so‘rab, ketishga chog‘landi. Farruh esa yana taom va ichimliklar buyurdi. Tun tongga ulanar mahal, hisob-kitob qilish mavridi yetganda hisobni ko‘rib, Farruhning ko‘zi qinidan chiqib ketay dedi. Hisob qog‘oziga 1 million 200 ming so‘m yozilgandi. Uning ko‘z oldi xiralashib, yiqilib tushishiga oz qoldi. Ustki kiyimidagi barcha cho‘ntaklarni titsada buncha pul chiqmadi. Ofitsiant esa “oliftagarchilik shunaqa bo‘ladi”, degandek masxaraomuz unga qarab turar, pul berishini sabrsizlik bilan kutardi. Yer yorilsa-yu Farruh yerga kirib ketsa... U qo‘lidagi “Redmi” uyali telefonini garovga qo‘yib, pulni olib kelib berishga klub xodimini arang ko‘ndirdi. Shovqin-suron, musiqa, turli-tuman o‘tkir va g‘alati hidlardan qutulib ko‘chaga chiqqan Farruhning hushi o‘ziga keldi va nima qilib qo‘yganini, uyda xotiniga nima deb javob berishini, biror narsa ilinjida yugurib qarshisiga peshvoz chiqadigan  o‘g‘lining ko‘ziga qanday qarashini o‘ylab ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Shuncha pulni qayerdan oladi, o‘zi zo‘rg‘a yetishgan yangi telefonini  garovga bergani-chi?! Eh, shunaqangi ham ahmoq bo‘ladimi?! Bir yarim oyga yetadigan  ro‘zg‘or puli  ikki soatlik kayfu safosiga yetmasa-ya... Ikki kun beton qorib, ezilib ishlaganiga alam-alam... Puliga kuygan, qalampir chaynar, degan maqol shunday “orzu-havas”qilib, topganidan ayrilganlarga nisbatan aytilgan bo‘lsa, ajabmas. Biroq u bo‘sh kelgisi kelmadi.  “102” ga qo‘ng‘iroq qilib: “Tungi klub xodimlari urib,telefonimni  tortib olishdi va meni haydab yuborishdi”, deya arzu-dod qildi.

— Qilg‘ilikni qilib, holatdan bunday jirkanch holda chiqishni o‘ylagan Farrruhning rejasi ish bermadi, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Olim Razzakov. – Guvohlar, videokuzatuvdagi tasvirlar uning yolg‘on guvohlik berayotganini fosh etdi. Keltirilgan dalillar oldida o‘zi ham uyaldi, ammo kech bo‘lgandi.   

1989 yilda tug‘ilgan Farruhning qilmishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 237-moddasi, 2-qismi “B” bandi (“Yolg‘on xabar berish”) bilan aybli deb topildi va mazkur kodeksning 72-moddasi qo‘llanib, 3 yil sinov muddati belgilandi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech