19 Avgust 2024 Yil 904

G‘oliblik muborak!

        Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkibga yetkazish, xodimlarning intellektual salohiyati, dunyoqarashi va maʼnaviyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada  tariximizni, ajdodlarimiz merosini o‘rganish kelajagimizga dadil va ishonch bilan qadam qo‘yishimizga asos bo‘ladi. Ichki ishlar organlarining ham boy, betakror, o‘ziga xos  tarixi borligi, uni o‘rganish, boyitish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida, respublikamiz IIVning 2022 yildagi buyrug‘iga asosan, ichki ishlar organlarida “Eng namunali muzey” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘yicha tamoyillar belgilangandi. Vazirlik ishchi guruhi aʼzolari  respublikamiz ichki ishlar organlarida o‘tgan vaqt oralig‘ida tashkil etilgan 8 ta muzey faoliyati bilan tanishib g‘oliblarni aniqlab, eʼlon qildi. Hakamlar birinchi bosqichda quyidagilar: ichki ishlar organi tarixi yoritilganlik darajasi va o‘ziga xosligi, uni jihozlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanganligi va yangi tashabbuslar, so‘nggi bir yilda muzeyga tashrif buyurganlar soni, muzey ashyolari va kolleksiyalarini boyitish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ashyolarni muhofaza qilish (yong‘in xavfsizligi, videokamera va boshqalar bilan jihozlash), ashyolarni saqlash (arxiv) shart-sharoitlari, muzey faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali jumladan, ijtimoiy  tarmoqlarda yoritilganligi kabi tamoyillar bo‘yicha 5 ballik tizimda baholashni o‘tkazishdi. Ikkinchi bosqichda esa: IIO tashkil etilish tarixi, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, davlat mukofotlariga sazovor, alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlar haqida maʼlumotlar, davlat mukofotlari va idoraviy ko‘krak nishonlari aks ettirilgan stendlar, sportdagi muvaffaqiyatlar, sport kuboklari, qo‘lga kiritilgan medallari, Respublikamiz Prezidentining IIOga tashriflari va faoliyatiga oid istiqbollari, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlarning yoritilishi kabilar ham 5 ballik tizimda  baholandi.


        Hakamlar taqdim etilgan hujjatlar, videolavhalar, fotoalbomlarni xolislik va adolat tamoyillariga ko‘ra o‘rganib chiqib, bir ovozdan: “Eng namunali muzey” nominatsiyasida Toshkent shahar IIBBning “Shon-sharaf muzeyi”ni g‘olib, deb topdi va  1-darajali diplom va kompyuter jamlanmasi bilan taqdirladi.


       Biz ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan poytaxt IIBB “Shon-sharaf” muzeyi rahbari, Shahobiddin Muhiddinovni g‘oliblik bilan tabriklab, ichki ishlar organlari faoliyatini kelgusi avlodlarga to‘laqonli yetkazish, muzeyni asori ashyolar bilan boyitishda muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech