Kasbi musiqa o‘qituvchisi bo‘lganligi sababli, Muattarxon ijtimoiy tarmoqlardagi musiqa tanlovlarini hamisha kuzatib boradi. Iqtidorli o‘quvchilarini tanlovlarga taqdim etadi. 2022 yilning avgust oyi o‘rtalarida navbatdagi “Yilning fidokor o‘qituvchisi” nomli onlayn ko‘rik-tanlovi eʼloniga ko‘zi tushdi. Qo‘ng‘iroq qilib bu qanday tanlov ekanligi, qanday hujjatlar topshirishi lozimligi bilan qiziqdi. O‘zini “Javohir”, deb tanishtirgan, lekin aslida muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan Xudoyshukur, loyihaning bevosita taʼsischisi ekanligini, g‘oliblarga mukofot puli 20 millionni tashkil etishini aytdi. Muattarxon o‘z nomzodini taqdim etgach, oradan ko‘p o‘tmay, yaʼni 1 sentyabr kuni “Javohir” ayolga qo‘ng‘iroq qilib, g‘olib bo‘lganligi bilan tabrikladi. Tashkiliy ishlar uchun ozgina xarajatdan qochmasa, uning tajribalari televideniye orqali butun respublikaga namoyish etilishi, shunda mahalliy hokimiyatning ham moddiy yordamidan umid qilsa bo‘lishini shama qildi. Avvaliga Muattarxon uning plastik kartasiga 505.000 so‘m, keyin 1 million so‘m, so‘ng go‘yoki sehrlab qo‘yilgandek yana 2.505.000, 1.212.000, 4.538.000 so‘m o‘tkazib berdi. Muattarxon televideniyega chiqishni shunchalik xohlagan ekan-ki, 2 sentyabrdan 30-sentyabrga qadar jami 9.735.000 so‘m o‘tkazib ham buning firib ekanligi haqida o‘ylab ko‘rmadi. Xudoyshukur 2023 yilning 2 iyunida o‘zining uyali telefonidan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda aslida mavjud bo‘lmagan “Vatanim tinchligiga ko‘zlar tegmasin” nomli soxta ko‘rik-tanlovni eʼlon qildi. Bu safar uning qarmog‘iga musiqa o‘qituvchisi, 1973 yilda tug‘ilgan Kamola ilindi. Eʼlondan 15 kun o‘tmay u “tanlov g‘olibi” bo‘lib, televizorga chiqish istagida “taʼsischi”ning plastik kartasiga 3.030.000 so‘m pul o‘tkazib berdi.
– Ayblanuvchi 1999 yilda tug‘ilgan Xudoyshukur muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan, shunga qaramay fuqarolarni aldash va ishonchini suiisteʼmol qilish maqsadida uyali telefoni imkoniyatlaridan foydalanib, ijtimoiy tarmoqda mavjud bo‘lgan onlayn tanlov guruhiga kirib, soxta ko‘rik-tanlovlarni eʼlon qildi, – deydi Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant FeruzbekSultonov. – Keyin esa jabrdiydalarni televideniye orqali ish tajribalarini namoyish qilish bilan qiziqtiradi va bu orqali ularning pulini olish haqidagi niyatiga erishadi ham.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Xudoyshukurni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «B», "g” bandlari (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Sud uning qilmishiga pushaymonligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplaganligi inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.