1 Avgust 2024 Yil 733

Oylik tugadi, ammo ogohlikni yo‘qotmaymiz

       Inson ongi shuuri jahon tamadduni yuksalishida beqiyos. Raqamli texnologiyalar ham insoniyat mahsuli. Avvali ezgulikka yo‘g‘rilgan ilg‘or texnologiyalarning shiddat bilan hayotimizga kirib kelishi uning inson faoliyatiga, turish-turmushiga tahdidlarini ham namoyon eta boshladi. Kibertahdidlarning oldini olish, fuqarolarni ogohlikka chaqirish, kiberxavfsizlik va axborot-texnologiyalar sohasidagi jinoyatlar bilan bog‘liq tushuncha va  bilimlarini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri  hamda poytaxt IIBB boshlig‘ining farmoyishlari asosida, poytaxt hududida  joriy yilning 1 iyulidan 30 iyuliga qadar “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish  belgilangandi.


      Tadbir doirasida poytaxt  hamda tuman hokimliklari hamkorligida “mahallabay, “xonadonbay” va “fuqarobay”, shuningdek, mavjud barcha mahallalarda oflayn tartibda ushbu mavzularni qamragan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi. Korxona, tashkilot va mahallalarning  mingdan ortiq telegramm guruhlariga 50 dan oshiq  targ‘ibot materiallari joylashtirilgan bo‘lsa, 1 million 257 ming nafardan ziyod fuqarolar bilan ochiq muloqotlar uyushtirilib,  mavzuga oid flayer va bukletlar tarqatildi. Tayyorlangan videotahlillar, tezkor so‘rov va suhbatlar shaklidagi videokontentlar ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ravishda eʼlon qilib borildi. Mazkur jarayonda 15 million kuzatuvchilariga ega bo‘lgan 169 ta tarmoq kanallari va sahifalarida  uzluksiz joylashtirib borilgan targ‘ibot  materiallari  10 milliondan, ommaviy axborot vositalaridagi  nashr va radio-televideniyedagi chiqishlar 12 milliondan ortiq marotaba ko‘rildi. Yo‘llardagi reklama ekranlari, odam gavjum joylarda  radiouzellar  va boshqa moslamalar yordamida kibertahdidlar, kiberjinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni ogohlikka chaqirish borasida eslatmalardan  keng foydalanildi.


       “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari aniqlandi. Unga ko‘ra “Kibertahdidlardan ogohlantiruvchi rasmlar” nominatsiyasida birinchi faxriy o‘rin Soliha Rahimovaga, ikkinchi o‘rin Omina Tohirova, uchinchi o‘rin Gulnoza Risbekovaga  nasib etdi.


       Tibbiyot xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan “Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling!” nominatsiyasida birinchi o‘rinni Feruza Mirzahmedova, ikkinchi o‘rinni Uchtepa tumani 25-oilaviy poliklinika jamoasi,  uchinchi o‘rinni Dilorom Umarova egalladi.


      Jismoniy imkoniyatlari cheklangan fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan “Internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanaman” nomli nominatsiyasida: 1-o‘rinni Aleksandr Mostovoy, 2-o‘rinni Bahodir Qurbonov, 3-o‘rinni Sevinch Najapovalar qo‘lga kiritishdi.


      Mehnat migrantlari ishtirokidagi “Olisdagi yaqinlarim, ogoh bo‘ling!” nominatsiyasida esa Shohruh Saidahmatov birinchi, Sharofat Yarmatova ikkinchi, Xolida Tursunova uchinchi o‘rin sohibiga aylanishdi.


       “Eng faol mahalla” nominatsiyasida Chilonzor tumani “Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi bosh o‘rinni, Yunusobod tumani “Uvaysiy” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi faxriy ikkinchi, Olmazor tumani “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi uchinchi o‘rinlarga munosib deb topildi.


     Bloger va jurnalistlar o‘rtasida aholini kibertahdidlardan ogohlantirishga qaratilgan “Eng yaxshi milliy kontent” nominatsiyasida Ravshanxon Abduakimov birinchi, Maqsuda Shirinboyeva ikkinchi, Muhammad Amir Hayotzoda uchinchi o‘rinlarni egalladilar.


       Fuqarolarda kibergigiyenani shakllantirish uchun komediya janridagi “Hajviy roliklar” nominatsiyasida esa Bobur Mansurov tayyorlagan rolikka teng keladigani topilmadi.


        Tanlov g‘oliblarining oylikka qo‘shgan hissalari eʼtirof etilib, ularga tegishli diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech