8 Iyul 2024 Yil 1696

Oila barqarorligi yo‘lida

        Xotin-qizlar haq-huquqlarini himoya qilish, oila va jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topishda ko‘maklashish, zo‘ravonlik va turli tahdidlardan asrash borasida yurtimizda qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Kuni kecha poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Mirzo Ulug‘bek nomli markaziy istirohat bog‘i”da shunday tadbirlarning biri bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Toshkent shahar IIBB hamda shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida imzolangan “Zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish va zo‘ravonlikning oldini olish” Qo‘shma rejasi hamda “Barqaror turmush” oyligi doirasida tashkil etildi. Tadbirda tumanda  profilaktik hisobda turmaydigan ammo nizolashib kelayotgan 60 ta, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobga olingan 40 ta oiladan, jami 100 nafar fuqaro, shahar IIBB hamda hamkor mahkama va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.


        Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari  Z.Mahkamova tadbir ishtirokchilariga Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.


        Poytaxt hududida yashovchi bandligi taʼminlanmagan,  turmush sharoitlari og‘ir ayollar muammolarini o‘rganish, ularni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yo‘llanma va sertifikatlar berish, ish bilan taʼminlash,  tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollarga imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan mazkur tadbirda, yigirmaga yaqin korxona, tashkilotlar o‘z bo‘sh o‘rinlari bilan ishtirok etishdi. Shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari tomonidan nizoli oilalar muammolarini hal etish borasida sayyor qabullar tashkillashtirildi. Ushbu jarayonda  oila muammolari o‘rganilib, huquqiy, iqtisodiy va tegishli maslahatlar berildi.


        Tadbirning yakuniy qismida kam taʼminlangan, ko‘makka muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam puli va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.


       Taklif etilgan xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar  ishtirokchilarning kayfiyatlarini ko‘tarib, tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech