11 Oktyabr 2024 Yil 443

“O‘g‘irlab, ichib – qamoqqa...”

Alijonning turli jinoiy qilmishlari uchun sud tomonidan tayinlangan jazolar muddatini hisoblab chiqadigan bo‘lsak, 21 yilu 6 oyni tashkil etarkan, bu galgisini qo‘shmaganda. Bir insonning yigirma yildan ortiq umri panjara ortida kechishini tasavvur qilish qiyin. Uning jinoiy tarjimai holi 1994 yilda, ayni navqiron va barkamol 18 yoshida o‘g‘irlik jinoyati bilan boshlangan. Bu qilmishi uchun 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Keyin jinoyatlar zanjiri bir-biriga ulanib ketavergan. “Omadli jentlmenlar” kinofilmida “dotsent” laqabli jinoyatchi rolini o‘ynagan  aktyor E.Leonov aytganidek “o‘g‘irlab, ichib – qamoqqa, o‘g‘irlab, ichib-qamoqqa”. Shu zaylda hayotining aksariyat qismi panjara ortida erksiz, zavqsiz va mazmunsiz o‘tib bordi. Bu orada oilasidan ayrildi. Ota-onasidan qolgan kichkina hovlida boyo‘g‘lidek bir o‘zi yashab kelayotgandi. Bir vaqtlar mahallaning oldi uyi bo‘lgan bu hovli qarovsizligi tufayli xaroba va befayz bir go‘shaga aylangan. Biroq bunga o‘zi o‘kinmasa, tavbasiga tayanmasa, tegishli xulosa chiqarmasa o‘zganing jonkuyarligi befoyda.

Alijon xavfli retsidivist bo‘la turib, 2023 yilning 1 oktyabrida soat 16.00larda  Chilonzor tumani Beshqo‘rg‘on mahallasida joylashgan bozor avtoturargohida aylanib yurib, uyali telefon orqali so‘zlashayotgan yigitga ko‘zi tushdi. 2009 yilda tug‘ilgan Muhammad so‘zlashib bo‘lgach, narxi uch million so‘m bo‘lgan “Redmi note 10 S” telefonini cho‘ntagiga solganida, uni o‘g‘irlash fikri keldi. Muhammad yo‘nalish taksisiga chiqayotganida u ham yo‘lovchi sifatida o‘zini chiqayotgan ko‘rsatib uning ortidan ergashdi. Ammo telefonni ustalik bilan qo‘liga kiritgach,  tezda yo‘nalishini o‘zgartirib, shoshib boshqa tomonga yo‘l oldi.

— O‘sha kuni  biroz spirtli ichimlik ichganini, nima qilayotganini bilmaganini aytib, qilmishini xaspo‘shlamoqchi bo‘ldi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Bobur Jumaboyev. – Biroq jinoyat qay holatda sodir etilmasin u baribir jinoyat. O‘g‘irlagan telefonni o‘ziga tegishliligi, pulga muhtojligidan sotayotganini aytib 400.000 so‘mga pullab yuborgan. Aslida qimmatu lekin arzon garovga sotilayotgan buyumning xaridori ko‘p bo‘ladi. Fuqarolarimizdan bunday buyumlarga qiziqmasliklarini so‘rab qolardik. Chunki, yutaman deb o‘ylab, chuv tushib qolish mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1976 yilda tug‘ilgan, o‘rta maʼlumotli, ikki farzandning otasi, xavfli retsidivist bo‘lgan Muhammadning qilmishiga qonuniy baho berdi.  U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybdor deb topildi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech