5 Noyabr 2024 Yil 567

Qobil farzand, fidoyi xodim

        Insonning maqsadi bo‘lsa, uning hayoti o‘zgacha mazmun kasb etadi. Maqsadi sari tashlangan har bir qadam unga zavq va o‘zgacha shijoat baxsh etadi. Bu kuch uni oldinga yetaklaydi. Maqsadiga yetib ham uni sayqallashtirish, ijodiy yondashib o‘zgacha jilo berishga undaydi. Qahramonimiz Abat Karlibayev ham o‘z orzusiga yetishish yo‘lida ko‘plab mashaqqatlarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. O‘rta-maxsus maʼlumotga ega bo‘lgach, yigitlik burchini o‘tash uchun Respublika Qurolli kuchlarida xizmatni o‘tab qaytdi. Oilaning to‘ng‘ichi bo‘lgan Abat bir muddat o‘z orzularini ortga surishga majbur bo‘ldi. 2000 yildagina orzusini amalga oshirish imkoni tug‘ildi va u ishonch bilan unga qadam qo‘ydi. Toshkent  shahar Sergeli tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori lavozimida ish boshladi. Oradan bir muncha vaqt o‘tib leytenant unvonini olishga muyassar bo‘ldi. O‘z navbatida bu sohadagi o‘n yildan ortiq  xizmati uning keyingi  faoliyatida muhim o‘rin kasb etdi. 2018 yili u Bektemir tumani IIO FMBda profilaktika yo‘nalishi bo‘yicha ishlab, bir yil o‘tmay tashkiliy bo‘lim navbatchilik qismi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ayni damda esa podpolkovnik Abat Karlibayev tuman IIO FMB Tashkiliy bo‘lim boshlig‘i lavozimida sidqidildan mehnat qilib kelmoqda. Maʼlumki, tashkiliy bo‘lim o‘z nomi bilan xizmatning mohiyatini ochib beradi. Tuman ichki ishlar organining barcha sohalari faoliyatini yo‘naltiradigan, ijro nazoratini olib boradigan, hududdagi kriminogen vaziyatni o‘rganish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasida chora-tadbirlar ishlab chiqish va uning bevosita ijrosini taʼminlash hamda boshqa qator vazifalarni  amalga oshirib keladi. Bir so‘z bilan aytganda, Abat rahbarlik qilayotgan bo‘lim tuman qanday yashayapti, nima bilan nafas olayapti, kamchiliklar qayerda va uni qanday bartaraf etish lozim, barcha-barchasidan xabardor bo‘lmog‘i va aholining tinch-xotirjam yashashi, o‘qishi, mehnat qilishi, hordiq olishini taʼminlash borasida  zaruriy  choralar ko‘rishi shart. Va bu vazifani bo‘lim xodimlari podpolkovnik Abat rahbarligida benuqson bajarib kelyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Abat  poytaxtimizning qaysi tumanida, qay sohada faoliyat olib bormasin halol va fidoyi, sidqidildan xizmatlari uchun Toshkent shahar IIBB, tuman IIO FMB rahbariyati tomonidan ko‘plab tashakkurnomalar, faxriy yorliq va  qimmatbaho sovg‘alar, pul mukofotlari bilan taqdirlanib kelinyapti.  Respublika IIVning uchinchi darajali “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganligi ana shu mehnatining munosib eʼtirofidir.  Abat turmush o‘rtog‘i  Sayyora opa bilan uch nafar farzandini tarbiyalab, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishishi, Vatanimiz, xalqimiz koriga yaraydigan farzandlar bo‘lishiga katta eʼtibor berishdi. Bugungi kunda barchasi oliy maʼlumotli, yurtimizning turli jabhalarida halol mehnat qilib, uning ravnaqi va yuksalishiga munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Huv, o‘sha yoshligida bo‘lgani kabi Abat har safar xizmatga yo‘l olarkan, yetmish yoshdan oshgan onasi Bayan onaning duoi fotihasini olishni kanda qilmaydi. Zotan, hayotidagi eng katta boyligi, nimalarga intilgan va  erishgan bo‘lsa, moʻtabar onasining rozi-rizoligi, duosi ijobati deb biladi. Va bu – haqiqat.

Barcha yangiliklar

Text to speech