5 Sentyabr 2024 Yil 888

Noshukr talaba

Islombek poytaxt oliygohlarining birida 3-bosqichda taʼlim olib kelayotgandi. Yana bir yil o‘qisa, tayyor diplomli mutaxassis. Nufuzli bir korxona-tashkilotda ishlashi yoki o‘zi biror firmaga asos solishi, o‘z shaxsiy ishxonasiga ega bo‘lishi mumkin edi. Harqalay kelajagini yaratish o‘z qo‘lida edi. Ammo ...   2023 yilning 2 may kuni Maqsudga tegishli "Samsung A51” rusumli uyali telefonini sotib oldi. Telefon apparatidagi  “Clik” ilovasiga ruxsatsiz, qonunga xilof ravishda kirib, unda ikki shaxsga tegishli: Xalq banki tomonidan Abduraximov va Abduraximovalar nomiga berilgan plastik kartalarga oid maʼlumotlarni ko‘rdi. O‘sha kunning o‘zidayoq oqibatini o‘ylamay 1.734.170 so‘m pulni yechib olib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yubordi. Tuni bilan uxlamadi. Negaki,  ilovadagi ikkinchi shaxsga tegishli plastik kartadagi omonat unga tinchlik bermayotgandi. Ertasi 3 may kuni takroran ilovaga qonunga xilof ravishda kirib 734.360 so‘m pulni yechib oldi.

– Islombek o‘ziga yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, baxtli kelajagini taʼminlasa bo‘lardi. Ammo uning buzuq niyati jinoyat sari yetakladi, – deydi Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Davron Yoqubov. – Aksincha, oliy maʼlumotli mutaxassis bo‘lganida  pul topish imkoniyatlari ko‘proq ochilardi, afsuski sabri chidamadi. Oliygohda o‘qish har bir yigit-qizning orzusi. Islombek esa bu qilmishi bilan o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan 2000 yilda tug‘ilgan Islombek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan (“O‘g‘irlik”) jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topildi hamda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech