11 Noyabr 2024 Yil 558

Non yopishni bilmaydi, novvoyman deydi

      Ilk talonchilik jinoyatini sodir etganida Bunyodjon 23 yoshda edi. O‘shanda adashganini, “shayton yo‘ldan urganini” aytib tavbasiga tayangan, ko‘z yoshlarini daryoday oqizib, sud hakamlarining muruvvatiga erishgan edi. 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan Bunyodbek o‘zini sipo tutib, belgilangan tartibga rioya qilib yurdi. Bu orada o‘g‘lining quyilib qolishiga umid qilgan ota-onasi uni uylantirib qo‘ydi. Bir farzandning otasiga aylandi. Ko‘z yumguncha ikki yil ham o‘tib, namunali xulqi, to‘g‘ri yo‘lga kirganligi, xatosini tushunib yetganligi bois ro‘yxatdan chiqarildi. Ammo...


         2020-yilning yanvarida Bunyodjon Uchtepa tumanida joylashgan nonvoyxona atrofida o‘ralasha boshladi. Novvoy M.Quddusxo‘janing ishonchiga kirib, undan 10 kunlar ichida pulini olib kelib berish sharti bilan  qopi 225.000 so‘m bo‘lgan 3 qop unni olib qorasini ko‘rsatmay ketdi. Quddusxo‘ja 675.000 so‘mga kuyib qoldi. 2021-yilning mart oyida novvoy R.Xayriddinning ishonchiga kirib, qopi 260.000 so‘m bo‘lgan yigirma qop unni non yopib sotib, pulini keltirib berishiga ishontirib oldi-yu, boshqa qorasini ko‘rsatmadi.


         – Aslida non yopish qo‘lidan kelmaydigan Bunyodjon unlarni arzon garovga sotib yuboravergan, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Bobur Sattarov. – Chunki, arzon kimga yoqmaydi. Aksariyat xaridorlar uning o‘g‘irlangan yoki o‘g‘irlanmaganligi, qay yo‘l bilan qo‘lga kiritilgani bilan qiziqishmaydi-da. Shu bois bundaylarning oshig‘i olchi.


          Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida, 1994-yilda tug‘ilgan I.Bunyodjonning qilmishini ko‘rib chiqib, uning aybiga iqrorligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, zararni to‘liq qoplaganligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech