Alisherning to‘rt nafar farzandi bor. Aslida farzandlar qancha bo‘lishidan qatʼiy nazar ota-onaga masʼuliyat yuklashi lozim. Lekin o‘z nafsining quli bo‘lgan ayrimlarga buning ahamiyati yo‘q. Alisher shundaylardan. Yo‘qsa, uch marotaba sudlanib, umrining deyarli yigirma yilini qamoqxonalarda o‘tkazarmidi?! Xavfli retsidivist maqomini olarmidi?! Ammo bulardan tegishli xulosa chiqarmagani oydek maʼlum. Holbuki, 2023 yilning oktyabrida yana sudning qora kursisiga o‘tirdi. Pixini yorgan Alisher bu gal aybni uning qilmishlaridan mutlaqo bexabar, nafaqat qilmishlaridan, ashaddiy jinoyatchi ekanligidan bexabar ayolga ag‘darmoqchi bo‘ldi.
Alisher navbatdagi jazoni o‘tab qaytgach, savdo-sotiq bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Shu bahonada tez-tez poytaxtga qatnay boshladi. Shunday safarlardan birida Pardagul bilan tanishib qoldi. Uning turmush o‘rtog‘i yo‘qligini, ikki voyaga yetmagan farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotganini bilib, yordam berib turishini aytib, ijaraga uy olib birga yashash taklifini berdi. Pardagul rozi bo‘ldi. O‘sha kuni Alisher yo‘ldan charchab kelganligini, ochqaganini, bozorga borib ul-bul olib kelishi, qaytishda bir shisha aroq ham keltirishini tayinlab, Pardagulni bozorga jo‘natdi. O‘zi asta yashirgan joyidan giyohvand moddasini olib isteʼmol qilib, uyquga ketdi. Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaganda, Alisher Pardagul keldi, degan o‘yda eshikni ochdi. Biroq ostonada ichki ishlar idoralari xodimlarini ko‘rib, hushi uchdi. Xonadonda o‘tkazilgan tezkor-tintuv jarayonida balkondagi changyutgich ichidan gashish, marixuana, xo‘jalik sumkasi ichidan katta miqdorda yana gashish va marixuana hamda elektron tarozi guvohlar ishtirokida topilib, xatlandi. Alisher bu moddalar uniki emasligini aytdi.
– Men bu yerda mehmonman. Yo‘ldan kelganimga yarim soat bo‘ldi. Uy egasi men emasman. Bular Pardagulning narsalari. Mening bu yerda hech narsam yo‘q, – deb turib oldi Alisher.
Shu vaqt ichida Pardagul ham kelib qoldi. Va topilgan giyohvand moddalarning mavjudligidan mutlaqo bexabar ekanligini aytdi.
– Tergov jarayonida Alisher hamma ayblarni Pardagulga ag‘darishga urindi. Nomardlarcha ish tutdi, – deydi tergovni yuritgan Chilonzor tumani IIO FMB TB katta tergovchisi, mayor Kamoliddin Narziyev. – Pardagul hatto uning giyohvand moddalarini isteʼmol qilishi, sotuvi bilan shug‘ullanib, bir necha marotaba qamalganini ham bilmagan ekan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi Alisherning qilmishlarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasiga ko‘ra o‘n ikki yil ozodlikdan mahrum qilish va jazoni o‘tash joylarida majburiy davolash haqida hukm chiqardi.