21 Avgust 2024 Yil 1010

Mustaqillik – ulug‘ neʼmat

Matnazar Matchanov ziyolilar oilasida tug‘ildi. Otasi G‘oibboy va onasi  Sevara Xiva shahridagi 8-o‘rta maktabda nafaqaga chiqqunga qadar yosh avlodga taʼlim-tarbiya berib kelishdi. Matnazar oilaning to‘qqizinchi farzandi bo‘lib mustaqilligimizning ilk yili – 1991 yilda dunyoga keldi. Ota-onasi farzandlarining ilm olishlariga katta eʼtibor qaratgani bois, ularning deyarli hammasi oliy maʼlumot olib, turli sohalarda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda. Ulardan ikki nafari – Ergashbek va Ravshanbeklar yurtimiz tinchlik-osoyishtaligini saqlash ishlariga munosib hissa qo‘shishga bel bog‘lab, ichki ishlar idoralarida sidqidildan xizmat olib borishdi. Ravshanbek mayor unvonida nafaqaga chiqqan bo‘lsa, Ergashbek podpolkovnik unvonida xizmatni Xorazm viloyati IIBda davom ettirmoqda. Matnazar esa  Toshkent oliygohini bitirib dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar bosh boshqarmasida bosh mutaxassis bo‘lib ish boshladi. Bu dargohda orttirgan tajribasi uning 2020 yilda Xorazm viloyati Xonqa tumani IIBda profilaktika inspektori bo‘lib ish boshlaganida juda qo‘l keldi. Shunga qaramay  bo‘linma katta inspektorlari, mayorlar Ko‘pal Latipov va Otabek Allaberganovlarni o‘ziga ustoz deb biladi. Qahramonimiz ayniqsa yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha yoshlar, o‘smirlarning huquqiy bilimlarini oshirishga, huquqiy savodxonligiga katta eʼtibor qaratib, bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirdi. 2022 yilda esa tegishli malaka va tajribaga ega bo‘lgan xodim Toshkent shahar IIBBda avval profilaktika katta inspektori, bugungi kunda esa  Bosh boshqarma Tashkiliy boshqarmasi tahlil guruhi katta inspektori lavozimida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Katta leytenant Matnazar Matchanovning poytaxt hududidagi tumanlar kesimida jinoyatchilik, huquqbuzarliklar holati, uning kelib chiqish sabablari, sodir etgan shaxslar va boshqalarni o‘rganib, ularni tahlili natijasida oldini olish va kurashish borasida zaruriy chora-tadbirlar ishlab chiqilishida alohida o‘rni bor. Guruh xodimlari tomonidan ishlab chiqariladigan yo‘l xaritasi, chora-tadbirlar rejasining puxtaligi, hayotiyligi hamda aniqligi poytaxt hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash samaradorligini oshirish imkonini beradi.

— Asrlar osha ozodlikni qo‘lga kiritish dunyo xalqlarining  orzusi bo‘lib kelgan, – deydi katta leytenant Matnazar Matchanov. – Shukrki, bu kunlarni ko‘rish bizga nasib etdi. Biroq bu o‘z-o‘zidan bo‘lmadi, albatta. Mustaqilligimizni ko‘ra olmaydigan kuchlar tomonidan uyushtirilgan bir qator terrorchilik harakatlari xalqimiz yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Mustaqillik –  bu ulug‘ neʼmat. Uni  asrab-avaylash avlodlarimizga munosib ravishda yetkazish bizning vazifamizdir. Va bu ishda ozmi-ko‘pmi hissam borligidan baxtiyorman.


Barcha yangiliklar

Text to speech