1 Avgust 2024 Yil 553

Mushtumzo‘r aka-ukalar

Aslida aka-ukalar bir-birlarini yomon yo‘llardan qaytarishi, noqonuniy xatti-harakatlardan  asrashi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, jilla qursa, qilmishidan keyin bir-birini chohga itarmasligi kerakmasmi?! Biroq hikoyamiz qahramonlari buning aksi bo‘lib chiqdi.

2021 yilning 18 dekabrida, soat 18.30larda 24 va 22 yoshli aka-ukalar Chilonzor tumanida joylashgan “Havas” supermarketi yonida bekorchilikdan zerikib, tegmaganga tegib, o‘tganning o‘rog‘iga, ketganning ketmoniga ko‘z olaytirib o‘tirishgandi. Ularning eʼtibori 1984 yilda tug‘ilgan odmi kiyingan, ozg‘in jussali, bechorahol  Ergashga qaratildi. Atay borib uning nafsoniyatiga tegadigan gaplar gapira boshlashdi. Bir necha daqiqalik so‘zlashuv mushtlashuvga aylandi. Qo‘llar ishga tushib, Ergash kaltak tagida qoldi. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi mushtlashuv natijasida jabrdiyda  sog‘lig‘ining 33 foizini yo‘qotgani, og‘ir tan jarohati yetkazilganligini tasdiqladi.

– Bekorchilik bezorilikka boshlaydi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shohruh Hazratov. – Jigarbandlar bir-birlarini ezgu, xayrli ishlarga undash, yaxshilikka boshlash o‘rniga, zo‘ravonlik, hasad va jinoyatga boshlagani achinarlidir. Yanada achinarlisi, bir-biriga aybni ag‘darishi bo‘ldi. Qanday jazo olishmasin, ertaga bir-birlarining yuziga qanday qarashadi? Ota-onasining yuziga-chi?!

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi aka-ukalarning qilmishlariga qonuniy baho berib, Ziyodullani O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topib, JKning 57-moddasini qo‘llagan holda ikki yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ubaydulloni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topib, JKning 57-moddasini qo‘llab uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech